Yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga jarima ballari hisoblanadi

“Jarima ballarining bir yil davomidagi umumiy miqdori o‘n ikki yoki undan ortiq ballga teng bo‘lgan taqdirda, transport vositasining haydovchisi yil yakuniga qadar transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi”, - deyilgan hujjat loyihasida.
Sputnik

TOShKENT, 8-may – Sputnik. Ichki ishlar vazirligi “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” qonun loyihasini tayyorladi.

Buxorolik haydovchi katta pulga tushdi: bir milliard so‘mlik jarima

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Xususan, 28-modda quyidagi mazmunda ikkinchi ‒ to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldiriladi:

“Transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun transport vositasining haydovchisiga nisbatan jarima ballari hisoblanadi. Jarima ballarining bir yil davomidagi umumiy miqdori o‘n ikki yoki undan ortiq ballga teng bo‘lgan taqdirda, transport vositasining haydovchisi yil yakuniga qadar transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan qoidabuzarliklar haydovchiga jarima ballari berishga asos bo‘lmaydi.

Transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun transport vositasining haydovchisiga nisbatan jarima ballarini hisoblash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”.

Hujjat loyihasida 343-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etish taklif etilgan:

Foto-video fiksatsiya va jarima: Germaniya firmasi bilan yangi nazorat tizimi ishga tushiriladi

“Muayan muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan yoki ov qilish huquqidan mahrum etilgan shaxs mehnatga halol munosabatda bo‘lishi va namunali xulq-atvori bilan o‘zini ko‘rsatgan taqdirda, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan holatlarni istisno etgan holda, unga nisbatan jazo qo‘llagan ma’muriy sud bunday huquqdan mahrum qilish muddatini belgilangan muddatning kamida yarmi o‘tgach va sud tomonidan tayinlangan jarima to‘langach, korxona, muassasa, tashkilot ma’muriyatining iltimosi bilan qisqartirishi mumkin.

Ushbu Kodeksning 28-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan holatlarda o‘n ikki yoki undan ortiq jarima baliga teng yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan haydovchilarga nisbatan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish muddati yo‘l harakati qoidalarini buzganlik sodir etilgan yil yakuniga qadar qisqartirilishi mumkin emas”.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi tomonidan yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik holatlarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy qilish to‘g‘risida qaror loyihasini ishlab chiqiladi.