TOShKENT, 1 noya - Sputnik. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida investitsiyaviy loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi” amalga oshirilishi belgilandi.
Ushbu loyiha “ATLAS International” (Germaniya) kompaniyalari bilan hamkorlikda 2018–2019 yillarda dastlab Andijon, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida amalga oshiriladi.
Loyihani amalga oshirish uchun jami 300 mln. yevro to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etiladi.
Avtomatlashtirilgan tizim yordamida aniqlangan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun undiriladigan jarima summasi quyidagicha taqsimlanadi:
- 20 foiz – Davlat budjetiga;
- 20 foiz – yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun mahalliy budjetga;
- 25 foiz – Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga;
- 10 foiz – Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi hisobiga;
- 25 foiz – investitsiyaviy xarajatlarning hajmi qoplanguniga qadar Investor hisobiga.
Investitsiyaviy xarajatlar to‘liq qoplanganidan so‘ng ushbu summa Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra loyihani amalga oshirish uchun Andijon, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasiga quyidagilar yuklandi:
- yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatkichlari va boshqv texnik vositalarni o‘z vaqtida o‘rnatish;
- uzoq vaqt davomida xizmat ko‘rsatuvchi chidamli yo‘l harakati chiziqlarini chizish;
- qurilish va montaj ishlarini lozim darajada amalga oshirish;
- mahalliy budjet hisobidan tashqi tarmoqlardan avtomatlashtirilgan tizimning obyektlarigacha elektr uzatish liniyalari va telekommunikatsiya tarmoqlarini tortish.