“Chirchiq” poligonida qudratli texnikalar bellashuvi yakunlandi

“Chirchiq” poligonida o‘zbek armiyasi o‘z qudratini namoyish qildi. Musobaqada harbiy xizmatchilar ilk bor “Malva aksioma” parashutidan foydalangan holda sakrashni amalga oshirdi.
Sputnik

TOShKENT, 6-may – Sputnik. “Chirchiq” poligonida “Xotira va Qadrlash kuni”ga bag‘ishlangan “Tank biatloni” musobaqasi yakunlandi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qildi.

Tantanali marosimni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov kirish so‘zi bilan ochib berdi va mazkur bellashuv harbiy xizmatchilar o‘rtasida musobaqadoshlik, o‘zaro jipslik va hamjihatlik muhitini shakllantirish, ularning kasbiy malaka va mahoratini yuksaltirishga xizmat qilishini aytib o‘tdi.

O‘zbek armiyasi o‘z qudratini namoyish qildi: Chirchiq poligonida "Titanlar jangi" o‘tkazildi

“Keyingi paytlarda dunyoning turli mintaqalarida sodir bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlarning tahlili, shuningdek, xorij armiyalarining eng ilg‘or tajribalarini o‘rganish asosida qo‘shinlar tarkibida yangi an’analar joriy etilmoqda. Barcha ixtisoslashgan, xususan, harbiy texnika vositalarini boshqarish hamda qurollarni qo‘llash bo‘yicha tanlov va musobaqalar harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy jihatdan toblanishiga, chidamli bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Qo‘shinlarimiz hayotiga yangi an’ana sifatida kirib kelgan mazkur tank biatloni musobaqasi ham yuksak jangavor tayyorgarlik va professionalizmni, harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘zaro raqobatdosh ruhni kuchaytirish, o‘quv mashqlar faolligini, samadorligini oshirishga xizmat qiladi”, - dedi mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov

Shundan so‘ng 1,5 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar, 100 ga yaqin Ikkinchi jahon urushi yillaridagi va bugungi qurollanishda turgan zamonaviy harbiy texnika va 15 dan ziyod vertolot ishtirokida bayramga bag‘ishlab parad o‘tkazildi.

Parad davomida desantchilar qariyb 2000 metr balandlikdan parashut yordamida sakradi. Qayd etish joizki, mazkur tadbirda harbiy xizmatchilar birinchi bor “Malva aksioma” parashutidan foydalangan holda sakrashni amalga oshirdi.

Harbiy parad yakunlangach, tank biatloni musobaqasining so‘nggi bellashuvi boshlandi. T-62, T-64 va T-72 tanklari “Qudratli texnikalar jangi”ni o‘tkazishga mo‘ljallangan va xalqaro standartlarga mos bo‘lgan maxsus maydondan start oldi. Musobaqa ishtirokchilari sun’iy hovuz, minalashtirilgan va manyovr bajarish maydoni, tankka qarshi chuqur, qo‘rg‘on, eskarp (tankka qarshi devor), kolleyali ko‘prik maketi va boshqa to‘siqlardan iborat umumiy uzunligi 4200 metr bo‘lgan masofani bosib o‘tdi.

O‘zbekiston ArMI-2019 harbiy o‘yinlarida ishtirok etadi

Musobaqa yuksak saviyada o‘tkazilishi va g‘oliblarni odilona baholash maqsadida biatlonni malakali mutaxassislardan iborat hakamlar jamoasi kuzatib bordi.

Yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra quyidagi jamolar g‘oliblar qatoridan o‘rin oldi.

T-62 tank ekipajlari orasida: 1-o‘rin — Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug; 2-o‘rin — Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug; 3-o‘rin — Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug.

T-64 (takomillashtirilgan) tank ekipajlari orasida: 1-o‘rin — Sharqiy-harbiy okrug ekipaji; 2-o‘rin — Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti; 3-o‘rin — Sharqiy-harbiy okrug.

T-72 tank ekipajlari orasida: 1-o‘rin — Toshkent harbiy okrugi ekipaji; 2-o‘rin — Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug; 3-o‘rin — Markaziy harbiy okrug.

G‘olib va sovrindor jamoalar mudofaa vaziri tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar, navbatdagi harbiy unvonlar hamda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan budjet yengil avtotransport vositalariga imtiyozli ravishda kredit olish huquqini qo‘lga kiritishdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari ilk marotaba 2019-yilda Xalqaro armiya o‘yinlari (ArMI-2019) doirasida o‘tkaziladigan eng nufuzli musobaqa – “Tank biatloni”da ishtirok etishi haqida xabar qilgan edik.