TOShKENT, 6-may – Sputnik. Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” qonun loyihasi tayyorlandi.
Loyihada aytilishicha, qonun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tatbiq etiladi. Qonun maqsadlari uchun 18 yoshga to‘lmagan ayol jinsiga mansub shaxslar ham ayol deb e’tirof etiladi.
Qonun loyihasida Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ichki ishlar, mehnat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda Xotin-qizlar qo‘mitasining ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari belgilangan.
Masalan, Ichki ishlar organlarining vakolatlaridan biri sifatida - 18 yoshga to‘lmagan ayol jinsiga mansub shaxslar tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydigan va ularga tazyiq o‘tkazadigan hamda zo‘ravonlik sodir etadigan ota-onalarni yoki ularning o‘rnini bosadigan shaxslarni ota-onalar huquqlaridan mahrum qilish to‘g‘risida vasiylik va homiylik organlariga taqdimnoma kiritish vakolati qayd etilgan.
“Ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar turlariga quyidagilar kiradi:
- profilaktik suhbat o‘tkazish;
- himoya orderini berish;
- tazyiq va zo‘ravonlik qurbonlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazlarga joylashtirish.
Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin”, - deyilgan hujjat loyihasida.
Qonun loyihasida qayd etilishicha, zo‘ravonlik holati mavjud bo‘lganda va boshpana berish talab qilinganda ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatli organlar qurbonlarning maxsus markazlariga o‘tkazilishini ta’minlaydi.
Qurbon maxsus markazga 30 kungacha bo‘lgan muddatga o‘tkaziladi. Zarurat bo‘lgan holda bu muddat maxsus markazning ustavida belgilangan tartibda uzaytiriladi, bundan qurbon maxsus markazda yuqorida ko‘rsatilgan muddatdan uzoq bo‘lishni xohlamagan hollar mustasno. Maxsus markazga joylashtirish muddati tugagach, qurbonga xavf solinayotgan bo‘lsa, maxsus markaz ma’muriyati bu haqda bunga e’tibor qaratish uchun huquqni himoya qilish organlariga xabar qilishi shart.
Qurbon maxsus markazga joylashtirilganda uning ish joyi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.