TOShKENT, 27 apr — Sputnik. Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, Angor tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi N.X. fuqaro O.B.ni yuqumli kasalliklar bo‘limiga kichik tibbiy xodim vazifasiga ishga qabul qilish evaziga birlashma kadrlar bo‘limi boshlig‘i N.S. orqali 2,5 mln. so‘m pullarni pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan N.X. va N.S.larga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.