O‘zbekistonda suvdan foydalanish tizimidagi muammolar ma’lum qilindi

“Suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilariga suv xo‘jaligi xizmatini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi tayyorlandi.
Sputnik

TOShKENT, 22 apr – Sputnik. O‘zbekiston suv resurslaridan foydalanishdagi asosiy muammolar prezident qarori loyihasida sanab o‘tildi. Hujjat loyihasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tayyorlandi.

Sovuq va issiq suv sarfini hisoblash priborlari xatlovdan o‘tkaziladi – hukumat qarori

Hujjatda suv resurslarini boshqarishda eng quyi bo‘g‘inda suv iste’molchilariga suv xo‘jaligi xizmatini ko‘rsatishda, suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni tashkil etishda o‘z yechimini kutayotgan muammolar sanab o‘tilgan:

“birinchidan, joylarda fermer xo‘jaliklari tomonidan suv resurslaridan oqilona foydalanilmasligi oqibatida bunday “tabiat in’omini” sarflashda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmoqda;

ikkinchidan, suv iste’molchilari uyushmalari tasarrufidagi suv xo‘jaligi obyektlarining (sug‘orish tarmog‘i, suvni boshqarish, hisobga olish va boshqa gidrotexnika inshootlari) texnik holati, meliorativ texnikalar bilan ta’minlanganlik darajasi qoniqarsiz ahvolda;

uchinchidan, suv iste’molchilari uyushmalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun shartnoma intizomiga rioya qilinmasligi, to‘lovlarni undirilish darajasining pastligi, ishlayotgan xodimlarning malakasini bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermasligi, oylik ish haqlarining o‘z vaqtida to‘lanmasligi ular faoliyatida kadrlar qo‘nimsizligi va ish sifatining samaradorligiga salbiy ta’sir etmoqda”, - deyilgan hujjat loyihasida.

Qaror loyihasida qayd etilishicha, Suv xo‘jaligi vazirligi ta’sischiligida “Suvxizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etiladi.

Ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarida audit o‘tkaziladi

Hujjatda bayon etilishicha, “Suvxizmat” MChJlarining asosiy vazifalari:

- suv iste’molchilarining suv iste’moli rejalarini umumlashtirish, tasdiqlangan suv olish limitlari bo‘yicha suv bilan ta’minlash, suvni oqilona boshqarish, kundalik monitoringi va ularning hisobi hamda hisobotini yuritish;

- o‘z hisobidagi sug‘orish tarmog‘i, suvni boshqarish, hisobga olish va boshqa gidrotexnika inshootlarini ta’mirlash-tiklash, ishchi holatda saqlash hamda tuman irrigatsiya bo‘limi bilan ularni belgilangan tartibda rekonstruksiya va modernizatsiya qilishni tashkil qilish;

- suvni boshqarishda bosqichma-bosqich innovatsion uslublarni joriy etish, xizmat ko‘rsatish hududidagi suv iste’molchilariga tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish hamda suvni tejaydigan boshqa texnologiyalarni joriy qilishda ko‘maklashish;

Davsuvinspeksiya xodimlarini rag‘batlantirish tartibiga doir qaror loyihasi tayyorlandi

- sun’iy suv obyektlaridagi suv olish joylarini ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek suvni hisobga olish vositalarini (gidropostlarni) attestatsiyadan o‘tkazish;

- viloyat meliorativ ekspeditsiyasi bilan birgalikda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ishlarini tashkil qilish;

- suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovlarni belgilangan muddatlarda undirish choralarini ko‘rish.