"Ulkan gunoh": O‘zbekistonda musulmonlarga daraxtdan bola so‘rash shirk ekani eslatildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Allohga shirk bo‘lgan bunday amallarning davom etayotganidan jiddiy tashvishda.
Sputnik

TOShKENT, 20 apr - Sputnik. O‘zbekiston musulmonlari idorasi mamlakat aholisiga murojaat qilib, ziyoratgohlardagi  shirk amallardan saqlanishga chaqirmoqda.

Malayziya muftiysi O‘zbekistonning ziyorat turizmi bo‘yicha elchisiga aylandi

Xabarda aytilishicha, shu kunlarda Buxoro viloyatidagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohida qurigan daraxtni tavof qilish va undan hojatini so‘rash kabi shirk amallar aks etgan videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan.

"Bugungi kunda ko‘plab ziyoratgohlarda ana shunday bid’at va shirk amallariga ko‘zingiz tushadi. Bahouddin Naqshband ziyoratgohidagi qadimiy daraxt ham insonlarning yo‘ldan ozishlariga, shirk amallarga qo‘l urishlariga sabab bo‘lmoqda. Ziyoratga kelganlar o‘sha daraxtni silab, yuz-ko‘zlarini surtib, atrofini aylanib, turli narsalarni so‘rashayotgani kuzatilmoqda. Axir allaqachon qurib qolgan, bittagina barg chiqarishga ham majoli yetmayotgan daraxt insonga qanday qilib foyda keltirishi mumkin?! U yerlardagi narsa va buyumlardan farzand, baxt, boylik va hokazolarni so‘rash nodonlik va ulkan gunohdir", - deyiladi idora xabarida.

Idora bundan bir necha yil avval ham mazkur holat yuzasidan "Daraxt va tosh kabilarni muqaddas deb bilishning shirkligi haqida"gi fatvoni e’lon qilingani hamda tushuntirish ishlarini olib borilgani, shuningdek, ziyoratgohlarga Islom aqidasi va shariatida ko‘rsatilgan ziyorat qilish odoblari haqida lavhalar qo‘yilganini qo‘shimcha qilgan.

Buxoro ziyoratchi-turistlar uchun qaytadan kashf etiladi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Allohga shirk bo‘lgan bunday amallarning davom etayotganidan jiddiy tashvishdaligini bildirgan.

"Bugungi kunga kelib, Bahouddin Naqshband ziyoratgohidagi mazkur qurigan daraxt atrofida birmuncha tartib o‘rnatildi. Jumladan, imom-xatiblar jalb etilib, kelgan ziyoratchilarga u qadimiy qurigan daraxt ekani, kimda-kim undan biror narsa so‘rasa, aylansa shirk bo‘lishi haqida ma’lumotlar berib turibdilar. Ammo ushbu daraxtdan madad so‘rash yagona hodisa emas, yurtdoshlarimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi  daraxtdan, Toshkent viloyatidagi Kumushkon sanatoriyasi tepasidagi sadaqayrag‘ochdan, Samarqand viloyatining Cho‘nqaymish qishlog‘idagi chinor daraxtidan ham hojat so‘rashdek shirk amallarni odat qilganlar. ...suv qo‘ymasangiz qurib qoladigan yoxud sizning qarovingizga muhtoj bir daraxt sizga boylikni qayerdan olib keladi. Undan farzand so‘rash-ku aqlga sig‘maydigan darajadagi taajjubli holat. Musulmon odam nimaiki hojati bo‘lsa, barchasini faqat va faqat Alloh taolodan so‘rashi lozim. Bandani asrovchi ham, unga boylik, farzand ne’mati va boshqa narsalarni beruvchi ham faqat Haq taoloning O‘zidir!", - deyiladi idora tomonidan e’lon qilingan murojaatda.