TOShKENT, 20 apr - Sputnik. 20-aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya prezidenti Mun Chje In Toshkent shahrida Koreys madaniyati va san’ati uyini ochib berdi. Tantanali marosimda yetakchilarning rafiqalari ham ishtirok etdi.
"Poytaxtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan ushbu muhtasham inshoot qiyofasida zamonaviy arxitektura yutuqlari va an’anaviy koreys madaniyati uyg‘unlashgan. Bu maskan xalqlarimizning mustahkam do‘stligi va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yuqori bosqichga chiqqanining yorqin tasdig‘idir", - dedi Mirziyoyev.
"Bu markaz do‘stlik, ahillik va mushtaraklik maydonidir. O‘ylaymanki, u O‘zbekistondagi koreys diasporasi, shu yerda ishlayotgan koreyaliklar va barcha o‘zbekistonliklar uchun umumiy uy bo‘ladi. Ko‘p jihatdan o‘xshash xalqlarimiz va birodarlashgan davlatlarimizni bog‘lab turadi", - dedi Mun Chje In.
Sahnada koreyslarning O‘zbekistonga ko‘chirib kelinishi, o‘zbek xalqi bilan ahil yashashi haqida badiiy kompozitsiya namoyish etildi.
Ma’lumki, 1937-yilda Uzoq Sharqdan o‘n minglab koreyslar mamlakatga ko‘chirilgan. O‘sha paytdagi qiyinchiliklarga qaramay, o‘zbek xalqi ularni ochiq qalb bilan qabul qilgan, ularga boshpana berib, mehr ko‘rsatgan. O‘zining mehnatsevarligi va qat’iy irodasi, xalqlar o‘rtasidagi mentaliteti o‘xshashligi tufayli koreyslar O‘zbekistonda ikkinchi Vatanini topgan. Ular O‘zbekistonning teng huquqli fuqarosiga, jamiyatning faol a’zolariga aylangan.
Bugungi kunda mamlakatda 180 mingdan ziyod koreys millatiga mansub fuqarolar yashaydi. Ularning uch yuzga yaqini O‘zbekistonning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan.
Davlat rahbarlari o‘zbekistonlik koreys rassomlari asarlari ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi.
Koreys madaniyat va san’at uyi 478 o‘rinli kinokonsert zali, konferensiyalar zali, kutubxona, badiiy galereya, restoran va xizmat xonalarni o‘z ichiga olgan. U jamoatchilik va yoshlar intiladigan, mushtarak madaniyatimizni boyitadigan yana bir maskanga aylanadi. Bu kun alohida strategik sherik davlatlar - O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari tarixida yana bir yorqin sahifa bo‘lib qoladi.