Siyosatchilar "bulg‘angan haqiqat" uchun jurnalistlardan qanday o‘ch oladi?

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi hisobiga ko‘ra, 2018-yilda jahonda 251 nafar OAV vakillari sudga tortilgan. Hibsga olinganlarning 70 foizi beshta mamlakatga to‘g‘ri keladi.
Sputnik

TOShKENT, 18 apr — Sputnik. Yevroparlament fraksiyasi Julian Assanjni "axborot huquqi uchun" mukofoti bilan taqdirladi, Human Rights Watch tashkiloti esa avstraliyalikning hibsga olinishi — hukumatlar o‘zlariga "noo‘ng‘ay" kishilarni qanday "yo‘q qilishlari"ni dalillovchi yana bir misoldir, deya bong urmoqda. Haqiqatgacha yetib borgan jurnalistlarni siri oshkor bo‘lib qolganlar qay ko‘yga solgani haqida RIA Novosti muxbiri Sofya Melnichuk maqolasida o‘qing.

Assanj: Klinton "Islom davlati" Saudiya Arabistoni tomonidan moliyalashtirilishini aytgan

Ilojsiz jurnalist

"Assanjni aybi nima edi — dunyo "ustunlari"ni sharmisor qilganidami?", "Assanj hibsga olindi. Jurnalistlar uning himoyasiga chiqishlari kerak" — bugungi kunda nashrlarning old sahifalarini xuddi shunday sarlavhalar egallab olgan. Ko‘plab tahririyatlar dunyo yetakchilari sirlarini ommaga e’lon qilgan xakerni jurnalist deb atash mumkinmi, degan savol ustida bosh qotirayotgan pallada, huquqni muhofaza qilish tashkilotlari Assanj hibsga olingan sana jurnalistika uchun "qora kun"ga aylanganini e’lon qilishga ulgurdi.

Siyosatchilar "bulg‘angan haqiqat" uchun jurnalistlardan qanday o‘ch oladi?

AQShda WikiLeaks asoschisiga qo‘yilayotgan ayblovlar — internet davrida jurnalist ishining ajralmas qismidir, deb ta’kidlaydi Human Rights Watch. Bugungi kunda yuzlab muxbirlar sensatsiya va eksklyuziv ilinjida messenjerlardagi shifrlangan chatlar, ismini oshkor qilmagan manbalar, himoyalangan dropbokslardan foydalanadilar. Lekin shu bilan birga amerika OAVlarining ko‘plab vakillari Assanjni hamkasb sifatida tan olishdan bosh tortmoqda. Bir narsada bahs boylash qiyin: bugungi kunda dunyoning yirik nashrlari Assanj Internet tarmog‘iga bepul joylashtirgan materiallar uchun katta miqdorda to‘lovni albatta to‘lagan bo‘lardi.

WikiLeaks sayti asoschisi Julian Assanj Londonda hibsga olindi

"Bu nafaqat Yevropa, balki butun dunyodagi barcha OAV vakillari uchun xavfli hodisa. Ma’lum bo‘ldiki, demak har qanday jurnalist AQShga ekstradatsiya qilinishi va u yerda rost ma’lumotni chop etgani uchun sud qilinishi mumkin", - deydi Assanjning advokati Jennifer Robinson politsiya uchastkasida o‘z mijozi bilan bo‘lgan uchrashuvdan so‘ng.

Qiynashdi va bo‘laklashdi

AQShda Assanjni nima kutayotgani noma’lum. Lekin shubhasiz-ki, uni kamida sud kutadi. Darvoqe, dunyo ustunlari oldida "aybdor bo‘lib qolganlarning" hammasi ham sudgacha yetib bormagan.

Chavushoglu jurnalist Xashoggi musiqa sadolari ostida burdalangan, degan fikrda

Xususan, o‘tgan yil oktabr oyida so‘nggi yillarda AQShda yashagan va The Washington Post uchun maqolalar yozgan saudiyalik jurnalist Jamol Xashoggi izsiz g‘oyib bo‘ldi. U rafiqasi bilan ajrashuv hujjatini rasmiylashtirish maqsadida Turkiyadagi Saudiya elchixonasiga yo‘l olgan edi. Xashshogi yana uylanishni niyat qilgandi, missiya darvozasi oldida uni qallig‘i kutib turardi. Ammo jurnalist bino ichidan chiqmadi.

Diplomatik bino ichkarisida nimalar ro‘y bergani hamon ochiqlangani yo‘q. Keng tarqalgan versiyalardan biriga ko‘ra, jurnalistni qiynoqqa solishgan, u o‘lgach esa tanasini bo‘laklab, kislotada eritishga harakat qilishgan. Internet tarmoqlarida missiya hududidan, taxminlarga ko‘ra, Xashoggi jasadi qoldiqlari solingan qoplar olib chiqilayotgani aks etgan videorolik bor.

Xashoggi Saudiya siyosati haqida tanqidiy maqolalar yozgani uchun o‘ldirilgan, deb hisoblanadi. Bu ishda bosh gumonlanuvchi sifatida esa Saudiya Arabistonining merosxo‘r shahzodasi Muhammad bin Salmon nomi tilga olingan. Shunday bo‘lsa-da, dunyo yetakchilari merosxo‘r shahzodani javobga tutishga shoshilmadilar. O‘tgan yil dekabr oyida Argentinada bo‘lib o‘tgan "Katta yigirmatalik" sammitida hech kim o‘zini shahzodadan olib qochmadi, aksincha, u bilan muloqotda bo‘lindi. AQSh prezidenti Donald Tramp ushbu hodisa tufayli qimmatli sherigi bilan munosabatlarni buzishni istamasligiga ishora qildi.

Saudiyalik jurnalist Jamol Xashoggi qayerga g‘oyib bo‘ldi?

Human Rights Watch huquq himoyachilari Saudiya Arabistonining boshqa jurnalistlarga nisbatan ta’qibi va dissident(boshqacha fikrlaydigan)larga nisbatan muomalasidan qattiq tashvish chekayotganini bildirib o‘tgan.

Tashkilot 2018-yilning may oyida, ayollarga rasman mashina boshqarish huquqi berilishidan sanoqli kunlar oldin, politsiya bir nechta taniqli faollarni qo‘lga olib, ularni davlatga xiyonat va boshqa jinoyatlarda ayblab, qiynoqqa solganini eslab o‘tdi.

Etnik ozchilik uchun jabr chekdilar

O‘tgan yil OAV vakillari bilan bog‘liq yana bir shov-shuvli hodisa yuz berdi. Sentabr oyida britaniyaning Reuters axborot agentligini ikki nafar jurnalisti Myanmada yetti yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Myanma harbiylari qochqinlar qaytib kelmasligi uchun Bangladesh chegarasida minalar qo‘ymoqda

Va Lona va Soe Oo o‘n nafar roxinya xalqlari vakillari harbiylar tomonidan qatl etilgani haqidagi ma’lumotlarni chop etgan edi. Sakkiz nafar erkak va ikki nafar qizaloq-o‘quvchilarning qatli amalga oshirilgan joydan olingan suratlar - 2011-yilda harbiy xuntaning o‘n ikki yillik boshqaruvi yakun topib, Myanmadagi demokratlashtirish jarayonini katta qiziqish bilan kuzatib borayotgan dunyo jamoatchiligini qalqitib yubordi.

Hukumatning izohida Va Lona va Soe Oo jurnalistik faoliyati uchunmas, balki davlat sirini oshkor etishgani tufayli sudga tortilgani aytildi. Ularga bu suratlarni politsiya ofitserlari taqdim etganligi hech qanday rol o‘ynamadi. Qoralovchi jurnalistlar uchun 14-yil qamoq jazosini so‘ragan.

Siyosatchilar "bulg‘angan haqiqat" uchun jurnalistlardan qanday o‘ch oladi?

Sudning ushbu qarori chiqarilishidan sal oldin BMT Myanma hukumati tomonidan roxinyalar genotsidi amalga oshirilganini tan olgan edi. Harbiylar ushbu xalq vakillarini o‘ldirar, zo‘rlar, hukumat esa bu etnik ozchilikka qarshi nafrat uyg‘otishga qaratilgan amallarni sodir etib kelardi. BMT buning uchun besh general va bir nafar bosh qo‘mondon qonun oldida javob berishi kerak, deya bayonot qilgan.

"Vishinskiyni ozod qiling"

RIA Novosti Ukraina portali rahbari Kirill Vishinskiy mana bir yildirki SIZOda saqlanib kelinadi. Jurnalist o‘z-o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donbass resbulikalarini qo‘llab-quvvatlaganlikda va davlatga xiyonatda gumonlanmoqda. Unga 15-yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Hibsga olingan jurnalist - Vishinskiy himoyasiga miting bo‘lib o‘tdi

Vishinskiy qo‘lga olinishidan ko‘p o‘tmay, "Chegara bilmas reportorlar" tashkiloti ushbu voqeadan qattiq tashvish bildirayotgani e’lon qildi va ukraina hukumatini jurnalistga qo‘yilayotgan ayblovlarga yo izoh berishga, yoki Vishinskiyni qo‘yib yuborishga chaqirdi.

Rossiya Vishinskiy bevosita kasbiy faoliyati uchun hibsga olingan, degan pozitsiyada. Moskva Kiyevdan jurnalistni ozod qilishni rasman talab qilgan. Vishinskiyning sudgacha uzoq muddat hibsda qolayotgani Yevropada ham keskin e’tirozlarni keltirib chiqardi. "Jurnalistlar o‘z fikr va qarashlarini erkin bildirish va ziddiyatli voqeliklar haqida xabar berish huquqiga ega. Har qanday holatda ularni professional faoliyati uchun ta’qib ostiga olish kerak emas", - deb aytgan OBSE tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Arlem Dezir.

Vishinskiyning hibsga olinishi - xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan Ukrainaga nisbatan bildiriladigan yagona da’vo emas. OBSE bayonotlarida korrupsiyaga oid sxemalar surishtiruvi bilan shug‘ullanadigan jurnalistlar ham aksariyat hollarda repressiyalarga duchor etilishi ta’kidlab o‘tilgan.

O‘zbekistonda etika normalarini buzgan jurnalistlar javobgarlikka tortiladi

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi nodavlat tashkiloti hisobiga ko‘ra, 2018-yilda jahonda 251 nafar OAV vakillari sudga tortilgan. Hibsga olinganlarning 70 foizi beshta mamlakatga to‘g‘ri keladi. Birinchi o‘rinda - Xashoggi qotilligi bo‘yicha qat’iy e’tirozini bildirgan Turkiya (68 kishi), ikkinchi o‘rinda Xitoy (47 kishi), so‘ngra Misr (25 kishi), Eritreya va Saudiya Arabistoni (16 kishidan) turadi.

Jurnalistlarni ko‘pincha davlat sirini oshkor qilganlik yoki davlatga xiyonat uchun sudga tortishadi. Reportorlar uchun Yaqin Sharq va Afrika davlatlari eng xavfli hisoblansa-da, g‘arb demokratiyalarida ham matbuot erkinligi haqidagi munozaralar tobora avjiga chiqmoqda.

Human Rights Watch ta’kidiga ko‘ra, jurnalistlarni ular siyosatchilarni noqulay ahvolga solishlari, ba’zan amaldorlar karyerasiga nuqta qo‘yishga muvaffaq bo‘lganliklari uchun ham yomon ko‘rishadi. Bir narsani bilish lozim - jurnalistlarni yomon bajarilgan ish uchun jazolash mumkin, zinhor haqiqatni bilishga va uni jahonga ko‘rsatishga qilgan harakatlari uchun emas.