Mirziyoyev Tokayev bilan nimaga kelishib oldi - Ko‘ksaroydagi uchrashuv yakunlari

Tokayevning O‘zbekistonga tashrifi davomida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Sputnik

TOShKENT, 15 apr - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Bugun Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajarayotgan Kasim-Jomart Tokayev o‘rtasida tor kengaytirilgan doirada uchrashuv bo‘lib o‘tdi, shundan so‘ng ikki davlat rahbari jurnalistlar oldida qo‘shma bayonot bilan chiqish qildilar, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Tokayev nima uchun Toshkentga kelmoqda - rossiyalik ekspert

Yangi prezidentga qutlov, Yelbasiga esa ehtirom

Prezident Mirziyoyev o‘z nutqi avvalida Tokayevni prezident etib tayinlangani bilan tabriklab, birinchi davlat tashrifini aynan O‘zbekistondan boshlaganida ramziy ma’no borligini va buning uchun Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevdan minnatdorligini bildirdi.

"O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda, ko‘pqirrali hamkorlikni kengaytirishda qo‘shgan ulkan, bebaho hissasi uchun qozoq elining buyuk o‘g‘loni, Qozog‘istonning birinchi prezidenti, Yelbasi, mening akam, hurmatli Nursultan Abishevich Nazarboyevga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Qozog‘istonning barcha ta’sirchan yutuqlari, davlatchilikning mustahkamlanishi, zamonaviy va raqobatbardosh iqtisodning vujudga kelishi, mamlakatning xalqaro sahnada tobora ortayotgan nufuzi aynan shu inson nomi bilan bog‘liq", - deb ta’kidladi O‘zbekiston prezidenti.

Kasim-Jomart Tokayev ham Mirziyoyevning gaplarini tasdiqlab, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston bilan munosabatlarga alohida e’tibor bilan qarashini, aslini olganda ham aynan Nazarboyev o‘zbek-qozoq munosabatlari "me’mori" bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarga yetkaziladi

"U hamisha O‘zbekiston Qozog‘iston uchun faqatgina strategik sherik bo‘libgina qolmay, qardosh, juda yaqin mamlakat ekanini tinimsiz ta’kidlab keladi", - dedi Tokayev Nazarboyevning ikki mamlakatning do‘stona munosabatlariga qo‘shgan ulkan hissasi haqida gapirar ekan.

Mirziyoyev Tokayevning Qozog‘iston prezidenti sifatida ilk davlat tashrifini aynan O‘zbekistonga amalga oshirgani ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada kuchaytirish yo‘lidagi sayi-harakatlari ifodasi deb bilishini qo‘shimcha qildi va Qozog‘iston bilan har tomonlama do‘stona aloqalarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir, deb alohida qayd etdi.

Ochiqlik va o‘zaro tushunish kayfiyatidagi uchrashuv

Davlat rahbarlari qo‘shma bayonotida ikki o‘rtada muhokama qilingan masalalar, xususan, savdo sohasiga ayricha e’tibor bilan qaralayotgani haqida ta’kidlab o‘tildi.

Siz davlatlararo munosabatlarni yuqori bosqichga olib chiqdingiz – Toqayev

Mirziyoyev Tokayev bilan o‘tkazgan tor va kengaytirilgan doiradagi uchrashuvlarda strategik munosabatlarni yanada rivojlantirish, ikkiyoqlama hamkorlikning barcha jabhalari: mintaqaviy va xalqaro masalalar, xavfsizlik borasida bo‘layotgan yangi tahdidlar va chaqiriqlarga qarshi birgalikdagi chora-tadbirlarni kuchaytirish masalasi, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonini tezlashtirishda hamkorlik hamda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan infratuzilma va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalari ko‘rib chiqilganini aytib o‘tdi.

Tokayev hamkasbi Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan muzokaralar "mazmunli va mufassal" bo‘lganini tasdiqladi. 

"Iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalariga katta ahamiyat qaratdik. Qozog‘iston va O‘zbekiston Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy sohada yetakchi pozitsiyani egallab kelmoqda. Mintaqa savdo aylanmasining 50%i bizning hissamizga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yuqori ko‘rsatkichni ushlab turish uchun biz turli choralarni qo‘llab kelamiz va bundan keyin ham qo‘llaymiz", - dedi Tokayev.

Ikkala tomon ham 2020-yil yakuniga kelib, ikkiyoqlama savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazishni o‘z oldilariga maqsad qilib olganliklarini bildirdilar.

Prezidentlar muzokaralari davomida turizm, madaniyat, fan va ta’lim yo‘nalishlaridagi aloqalarni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqilganligi aytildi. O‘tgan yili Qozog‘istonda O‘zbekiston yili keng miqyosda o‘tkazilgani, uning doirasidagi tadbirlar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik munosabatlarini yanada mustahkamlagani ta’kidlandi. Mazkur ulkan madaniy voqeaning mantiqiy davomi sifatida bu yil O‘zbekistonda Qozog‘iston yili bo‘ladi va u Qozog‘iston prezidentining ushbu davlat tashrifi doirasida ochiladi.

Javob tashrifi

Tokayev jurnalistlar oldida chiqishi davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Qozog‘istonga "javob tashrifini" amalga oshirishni taklif etdi va bu voqea tez orada ro‘y berishiga umid bildirdi. "Yaqin kelajakda Nur-Sulton shahrida o‘tkaziladigan uchrashuvda bugun berilgan topshiriqlar yakunini ko‘rib chiqamiz", - dedi Qozog‘iston rahbari.

Shavkat Mirziyoyev hamkasbining taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi va Tokayevning O‘zbekistonga ushbu davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga, yangi marralarni zabt etishga turtki bo‘lishiga xizmat qilishini qo‘shimcha qildi.