TOShKENT, 28 mar - Sputnik. Ilgariroq ommaviy axborot vositalarida xonanda Ozoda Nursaidova uyi buzilganidan keyin shifoxonaga tushgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Majburiy ijro burosi ushbu voqeaga oydinlik kiritdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Yakkasaroy tumani, Ko‘xinur ko‘chasida joylashgan turar joy binosini etak qismida o‘zboshimchalik bilan qo‘shib olingan 178,0 kv.m. yer maydonida joylashgan qurilma-devor qarzdor Nursaidova Ozoda Parpiyevnaning hisobidan buzdirib tashlash to‘g‘risidagi ijro hujjati mavjud bo‘lgan.
Yanvar oyi oxirida davlat ijrochilari tomonidan qarzdorga ijro hujjati talablarini belgilangan vaqtda bajarmaslik oqibatlari haqida tushuncha berilgan va bu haqda tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Ijro hujjati ijrosi berilgan ixtiyoriy muddatda bajarilmaganligi sababli majburiy ijro harakatlari olib borilgan.
Dastlab, oltinchi fevralda majburiy ijro harkatlari Yakkasaroy tumani xokimiyati vakillari ishtirok etishmagani sababli, boshqa kunga qoldirilgan. Bundan tashqari, xonadon egalari tomonidan ijro hujjatini to‘xtatish yoki bekor qilish uchun asos bo‘ladigan hech qanday hujjatlar taqdim qilinmagan shu sababli majburiy ijro harakatlari davom ettirilgan.
Shundan so‘ng, 8-fevralda tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari va xolislar ishtirokida ijro hujjati ijrosi (soat 15-00 dan soat 21-30 ga qadar) to‘liq bajarilib, 178,0 kv.m. yer maydondagi noqonuniy qurilma buzilgan.
Ijro harakatlarini amalga oshirish davrida, xonadon egasi Ozoda Nursaidova, singlisi Nilufar Nursaidova, tuman hokimligi, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, IIB XOOB profilaktika inspektori, tez tibbiy yordam xizmati hamda "Bog‘saroy" MFY raisi ishtirok etishgan.
Xonadon egalari Ozoda Nursaidova va boshqalar kadastr bo‘limi xodimlariga qurilma o‘lchami noto‘g‘ri hisoblangani haqida e’tiroz bildirib, dalolatnomaga imzo chekishdan bosh tortishgan va bu haqida IIB XOOB profilaktika inspektori tomonidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Bundan tashqari, majburiy ijro harakatlari davomida, Ozoda Nursaidovaning sog‘ligi yomonlashgani kuzatilmagan, shuningdek davlat ijrochilarining harakatiga qarshilik ko‘rsatish yoki to‘sqinlik qilish holatlari sodir etilmagan.
Ijro hujjati Qonunning 41-moddasiga asosan amalda tamomlangan hisoblanadi, deyiladi MIB xabarida.