TOShKENT, 27 mar - Sputnik. 26-mart kuni ertalabdan mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘ining farmoyishiga ko‘ra Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlari yuqori jangovar shaylik holatlariga keltirildi.
"O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligini to‘satdan tekshirish rejasiga asosan, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi tomonidan vazirlik bo‘linmalarining jangovar shaylik darajasi bosqichma-bosqich tarzda o‘quv sinovlaridan o‘tkazilmoqda. Bu galgi tekshiruvga Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining barcha harbiy bo‘linmalari jalb etildi. O‘quv mashqlari joriy yilning 26-29 mart kunlari Qashqadaryo viloyatidagi "Muborak" va "Nuriston" poligonlarida, shuningdek, harbiy okrugning boshqa hududlarida bo‘lib o‘tadi", - deb xabar qildi vazirlik matbuot-xizmati.
Tekshiruvlarning asosiy maqsadi – bo‘linmalarning jangovar shayligi va jipsligini tahlil qilish va baholash, harbiy qismlar, harbiy texnika va qurol-aslahalarning o‘quv-jangovar vazifalarni bajara olishga tayyorgarligini nazoratdan o‘tkazishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining ko‘rsatmasiga muvofiq, 2018-yilning noyabr oyida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligi birinchi marta keng ko‘lamli to‘satdan tekshiruvdan o‘tkazilgan edi.