"Odamlar bir-biriga mehrli edi": Alina Kabayeva Toshkentda kechgan bolaligi haqida

Taniqli gimnastikachi Alina Kabayeva ko‘pmillatli Toshkentda kechgan bolalik xotiralari bilan o‘rtoqlashdi
Sputnik

TOShKENT, 27 mar - Sputnik. Olimpiya chempioni va baddiy gimnastika afsonasi Alina Kabayeva "Aeroekspress" jurnaliga O‘zbekistonda kechgan bolaligi va qanday qilib sport bilan shug‘ullana boshlagani haqida gapirib berdi.

Alina Kabayeva o‘zbekistonlik gimnastikachiga maxsus sovg‘a topshirdi

Kabayeva Toshkentda dunyoga kelgan. Uning xotirasida bolalik onlari eng baxtiyor va beg‘ubor damlar sifatida muhrlanib qolgan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u o‘sgan ko‘pmillatli mahallada bolaning begonasi bo‘lmagan.

"Men ko‘pmillatli shaharda tug‘ilibgina qolmay, balki shunday muhitda voyaga yetganman. Hovlimizda turli millatga mansub oilalar yashar edilar. Shu qadar inoq bo‘lganmizki, bunda har birimizning baxtiyor onlarimiz barcha uchun shodu-xurramlikka aylanar, qiyin damlarda esa hech kim o‘z muammosi bilan yolg‘izlanib qolmas edi. Qo‘shnilar hamisha bir-birini qo‘llab-quvvatlar va yordam berishardi. Odamlar o‘rtasidagi munosabatlar samimiy va do‘stona edi. Albatta, janjallar ham bo‘lgan, lekin bunday holatlarda ham bir-biriga nisbatan nafrat bo‘lmagan", - deb so‘zladi u.

Alinaning otasi futbolchi bo‘lgan, onasi esa qachonlardir basketbol bilan shug‘ullangan. Shu bois, juftlik qizaloqni ham sportga oshno etishni rejalashtiradi. Alina gimnastikachi bo‘lmasligi ham mumkin edi.

"O‘z vaqtida dadamlar Dnepropetrovskdagi "Dnepr" futbol jamoasida to‘p surganlar. U yerda figurali uchun yaxshi rivojlangan edi. Men o‘sha vaqtda uch yoshda bo‘lganman, onamlarga sportning bu turi juda yoqqani uchun, meni figurali uchishga bergan bo‘lishardi", - deya xotirlaydi Kabayeva.

Oila boshlig‘i olgan jarohatdan so‘ng hammalari birgalikda Toshkentga qaytishadi. Lekin bu yerda muz saroylari ko‘p emas edi. Natijada Alina badiiy gimnastikaga qatnay boshlaydi.

Alisher Usmonovning rafiqasi va Alina Kabayeva Toshkentga tashrif buyurishdi

"Oyimlar hali men dunyoga kelmasimdan bu sport turi bilan tanish bo‘lganlar, nega deganda, u kishi o‘ynagan basketbol jamoasi gimnastikachilar bilan bitta zalda shug‘ullanishgan (avval badiiy gimnastikachilar zalni band etgan bo‘lsa, kunning ikkinchi yarmida basketbolchi qizlar u yerda shug‘ullanishgan). Irina Aleksandrovna Vinerning mashg‘ulotlarini kuzatgan oyim, o‘sha vaqtning o‘zidayoq, agar kelajakda qizaloqli bo‘lsa, uni albatta, badiiy gimnastikaga va faqat shu murabbiyga berishini diliga maqsad qilib tugib qo‘ygan", - deya izoh beradi chempion.

Badiiy gimnastika tufayli, Kabayeva dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘ladi. Sportchi ayol xotiralariga ko‘ra, mashg‘ulotlar grafigi o‘ta zich bo‘lishiga qaramay, murabbiylar qizlarni o‘zlari mehmon bo‘lib turgan davlatning madaniyati bilan tanishtirishga albatta vaqt topar edilar.

"Eng zavqli xotiralarim Yaponiya bilan bog‘liq. 1994-yil boshida men Osiyo chempionatiga Qozog‘istondan (o‘sha vaqtda Pavlodarda yashaganmiz, dadam "traktor" futbol jamoasi uchun to‘p surardi) borganman. 95-yilda men Irina Aleksandrovna qo‘lida shug‘ullanishni boshladim, va bir yildan keyin Rossiya termasi a’zosiga aylanib, Yaponiyaga qaytganman va yuniorlar o‘rtasida jahon chempionati g‘olibi bo‘lganman. Hatto murabbiyim ham bunday bo‘lishini kutmagan. Men o‘z oldimga o‘shanda eng kuchli gimnastikachilar 30taligiga kirishni maqsad qilib qo‘ygandim", - deb hikoya qiladi Alina.

Ona Vatani O‘zbekistonga olimpiya chempioni tez-tez qadam ranjida qiladi. Alinaning aytishicha, u faqatgina Toshkentni emas, balki Buxoro va Samarqandni ham juda yaxshi ko‘radi.

Alina sportda olgan tajribasi hayotda unga juda yordam berishini qo‘shimcha qilgan. Axir aynan sport intizomni, jamoada ishlash qobiliyatini shakllantiradi, aynan sport tufayli inson har bir harakati uchun javob berishni, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni o‘rganadi.