Samarqandda 35-marta pichoq urgan shafqatsiz qotil ustidan sud hukmi o‘qildi

Samarqandda onasini rashk qilib tanishiga 35-marta pichoq urgan qotil 20-yilga qamaldi.
Sputnik

TOShKENT, 18 mar – Sputnik. Bugun Samarqand viloyatining jinoyat ishlari bo‘yicha sudida, muqaddam sudlangan va 5-yilga ozodlikdan cheklash jazosiga mahkum etilgan, shafqatsiz qotil Tolib Azimjonov ustidan sud hukmi o‘qildi, deb yozmoqda Daryo muxbiri.

O‘tgan yilning oktabr oyida sodir etilgan ushbu jinoyat lahzalari videokameralar nigohiga tushib qolgan va keyinchalik internetda keng tarqalgan edi. Unda qotil suhbatdoshiga o‘nlab zarbalar berayotgani aks etgan. Yaralangan kishi qochib ko‘chaga chiqanda ham quvib borib unga yana zarbalar beradi. O‘shanda ushbu shafqatsiz jinoyat ko‘pchillikni larzaga solgan edi.

Tergov jarayonida aniqlanishiga ko‘ra, 1999-yilda tug‘ilgan Tolib Azimjonov onasi R.K. va avtomobil ehtiyot qismlari sotish do‘konida ishlaydigan Shuhrat Rasulov orasidagi munosabatlardan xabar topadi va Rasulovga nafrati oshib uni qasddan o‘ldirish niyati paydo bo‘ladi.

2018 yilning 15-oktabr kuni, Tolib Azimjonov spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda,  oshxona pichog‘ini olib, Rasulov odatda bo‘ladigan Samarqand shahar Amir Temur ko‘chasida joylashgan savdo do‘koniga keladi.

Axborot: Samarqandda qotillik, o‘g‘rilik va avtomobil olib qochish jinoyatlari oshgan

Soat 08:15da Azimjonov do‘konga kirib dastlab u bilan suhbat qiladi va unga pichoq bilan 29 marotaba shafqatsizlik bilan zarba beradi. Shuhrat Rasulov unga faol qarshilik ko‘rsatib, o‘zining hayotini saqlab qolish uchun «Erkin» savdo majmuasi tomonga qochadi. Azimjonov Rasulovning ortidan borib unga yana 6 marotaba pichoq uradi.

Ushbu jinoyat yuzasidan sud Tolib Azimjonovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2 qismi «j» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 19-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Undan tashqari Samarqand shahar sudining 2018-yil 5-martdagi hukmi bilan tayinlangan, 5-yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosining o‘talmay qolgan 4-yil 5 oy 9 kuni, tayinlangan jazosiga qisman qo‘shish yo‘li bilan qat’iy o‘tash uchun uzil kesil 20-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.