TOShKENT, 5 mar – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi, deb xabar qildi Adliya vazirligining rasmiy Telegram-kanali.
Ta’kidlanishicha, qonun bilan Jinoyat kodeksi bir qator yangi normalar bilan to‘ldirildi.
Xususan, sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaslik, shu qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan (20 mln 273 ming) 150 baravarigacha (30 mln 409 ming 500 so‘m) jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik ham belgilandi.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida yer berish tartibini buzganlik uchun ham javobgarlik belgilandi, ushbu jinoyat uchun eng kam oylik ish haqining 150 baravaridan (30 mln 409 ming 500 so‘m) 300 baravarigacha (60 mln 819 ming so‘m) jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayan huquqdan mahrum qilib, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaganlik uchun fuqarolarga 202 ming 730 so‘mdan 608 ming 190 so‘mgacha, mansabdor shaxslarga 608 ming 190 so‘mdan 1 mln 13 ming so‘mgacha jarima undirilishiga oid norma kiritildi.
Yer kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, tajriba-ishlab chiqarish, o‘quv, o‘quv-tajriba va o‘quv-ishlab chiqarish xo‘jaliklari, ilmiy-tadqiqot va boshqa qishloq xo‘jalik muassasalari va tashkilotlariga ham yer uchastkalari berilishi belgilandi.