O‘zbekiston havo yo‘llari samolyoti yo‘lakdan chiqib ketdi

Noxush hodisa ob-havo sharoiti tufayli sodir bo‘lgan, yo‘lovchilar va samolyot zarar ko‘rmagan.
Sputnik

TOShKENT, 3 mar – Sputnik. “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning Toshkentdan  Sankt-Peterburgga uchgan samolyoti Pulkovo aeroportiga qo‘nish vaqti uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketdi, deb xabar qilmoqda milliy aviakompaniya matbuot xizmati.

“2 mart kuni moskva vaqti bilan soat 21:59 da O‘zbekiston havo yo‘llarining Boeing-767 UK67008 havo kemasi  HY631-sonli Toshkent – Sankt-Peterburg –Toshkent parvozini amalga oshirish vaqtida, “Pulkovo” aeroportiga qo‘nganidan keyin, yerda boshqarish vaqti oldingi  g‘ildiragi bilan  qisman yo‘lakdan chiqib ketdi. Samolyot zarar ko‘rmagan, yo‘lovchilarni avariya holatida evakuatsiya qilish kerak bo‘lmadi”, - deyilgan avaiakompaniya xabarida.

Ushbu hodisaga sabab – ob-havo sharoiti va uchish-qo‘nish yo‘lagining holati, - deyilgan kompaniya xabarida. Voqea sodir bo‘lganda samolyot bortida 241 nafar yo‘lovchi 15 nafar ekipaj a’zolari bo‘lgan.

O‘zbekiston havo yo‘llari yaqin vaqt ichida ulkan qarz to‘lashi kerak – IFC

Rossiya Tergov qo‘mitasi va Rosaviatsiya “Pulkovo” aeroportida bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan tergov ishlari olib bormoqda.

O‘zbekiston havo yo‘llari, o‘z navbatida, HY632 sonli “Sankt-Peterburg – Toshkent” yo‘nalishida parvoz qilishi kerak bo‘lgan yo‘lovchilarni mehmonxonada joylashtirish chora tadbirlarini ko‘rmoqda.

Sputnik muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda Milliy aviakompaniya vakili yo‘lovchilarning bir qismi 13:15 da uchadigan parvoz bilan Toshkentga yuborilishini xabar qildi.  

Yo‘lakdan chiqib ketgan Boeing-767 UK67008 samoleti qachon parvoz qilishi hozircha noma’lum, dedi kompaniya vakili.  

Ushbu parvoz haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni qo‘yidagi raqamlar orqali olish mumkinligini xabar qilmoqda:

Sankt-Peterburgda: +7-911-780-00-11.

Toshkentda:  +99878-140-28-01 (02, 03,04).   

O‘zbekiston havo yo‘llari ushbu hodisa tufayli kutib qolishga majbur bo‘lgan yo‘lovchilardan uzr so‘raydi.