TOShKENT, 25 fev - Sputnik. Qashqadaryo viloyati hududida qurilayotgan GTL loyihasi uchun katta o‘lchamli uskunalar olib kelinmoqda, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston energetika vazirligi matbuot xizmati.
GTL zavodi gazni chuqur qayta ishlash natijasida undan sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarish imkonini beradi. Xususan, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida olingan tabiiy gazga chuqur ishlov berish orqali kerosin, dizel yoqilg‘isi, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.
Mazkur zavod har yili 1,5 million tonnadan ortiq yuqori sifatli, Yevro 5 standartiga mos bo‘lgan sintetik suyuq yoqilg‘i, shu jumladan, 743,5 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 311 tonna avia kerosin, 431 ming tonnadan ortiq nafta, 50 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz ishlab chiqarishi rejalashtirilgan.
Ayni damda ikkita yirik o‘lchamli texnologik uskunalar O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tib Qoraqalpog‘iston hududi orqali Qashqadaryo viloyatiga kelmoqda.
Og‘irligi 550 tonna, uzunligi 39 metr va diametri 6,9 metrga teng hamda og‘irligi 350 tonna va uzunligi 25 metr bo‘lgan ushbu qurilmalar bunyod etilayotgan zavodning sintetik suyuqliklarni ishlab chiqarish sexida qo‘llaniladi.
GTL loyihasi ayni damda yakunlovchi bosqichga o‘tgan. Qurilish maydonchasiga 5 ming nafardan ortiq ishchi, quruvchi va muhandis safarbar etilgan, 500 dan ziyod qurilish va maxsus texnika jalb qilingan.
O‘zbekistonda barpo etilayotgan GTL zavodi uchun dunyoning 24 mamlakatidagi 129 ta zavodda jami 11 mingdan ziyod texnologik uskunalar ishlab chiqarilmoqda. Ayni paytda qurilish maydonchasiga yuqori texnologik va yirik o‘lchamli uskunalar yetkazib berish amalga oshirilmoqda.