TOShKENT, 7 fev – Sputnik. Tojikiston Saroz ko‘lini monitoring qilish qurilmalari uchun 3,5 million dollar yo‘naltiradi. Bu haqda Tojikiston hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlar ko‘mitasi raisi Rustam Nazarzoda ma’lum qildi.
Qurilmalarni to‘liq yangilash Osiyo Taraqqiyot banki loyihasi doirasida amalga oshiriladi.
“Ushbu loyihada ko‘l hududi atrofida tunu-kun navbatchilik olib borayotgan FVV xodimlari uchun zarur shart-sharoit yaratish ko‘zda tutilmoqda”, - deb aniqlik kiritdi Nazarzoda.
Yangi har kunlik monitoring texnikasi Usoy to‘g‘onida paydo bo‘ladi.
Shu bilan birga, ushbu loyihada to‘g‘on yorilishi holatida aholini oldindan ogohlantirish tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Saroz ko‘lida vaziyat barqaror.