TOShKENT, 4 fevr – Sputnik, Mariya Naumenko. Toshkent va Moskva orasidagi munosabatlar faol rivojlanib borayotgan bugungi kunda rossiyaliklar uchun ham o‘zbek tilini o‘rganishga ehtiyoj paydo bo‘lmoqda.
Moskva davlat lingvistika universitetida talabalar o‘zbek tilini ikkinchi xorijiy til sifatida o‘rganishmoqda. Buning uchun birinchidan talaba bo‘lish, ikkinchidan – kamida 4-yil darslarga qatnashish kerak bo‘ladi.
Boshqalar esa, o‘zbek tilini o‘rganish uchun faqat repetitor yollashi yoki, mustaqil ravishda o‘rganishi kerak bo‘ladi.
Ushbu sohada Rossiyada yaqinda yana bir qiziq imkoniyat paydo bo‘ldi – o‘zbek tilining internet maktabi Uzbekonline.ru. Darslar 12 hafta davomida 24 soatdan davom etadi. Kurs jadvali o‘quvchi vaqtiga qarab belgilanishi mumkin.
Uzbekonline internet-maktabining asoschisi Laziza Azimova Sputnik muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda o‘zbek tilini o‘rganishga kimlar kelayotganini va qanday qoidalarni o‘rganishda o‘quvchilar qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida so‘zlab berdi.
“Maktabimizda 25 yoshdan katta bo‘lgan o‘quvchilar tahsil oladi. Ular, asosan, ish faoliyatida o‘zbek tilidan foydalanadiganlar yoki uyidan uzoqda o‘zbek tilini unutmaslik uchun takrorlashni istaydiganlar”, - deydi Azimova.
O‘quvchilarning ayrimlari O‘zbekiston hududida, ba’zilari esa xorijiy mamlakatlardan turib darslarda ishtirok etadi.
“Odatda ular o‘zbeklarning turmush o‘rtoqlari yoki Rossiyada o‘zbeklar bilan ishlaydiganlar. Ular qo‘l ostidagilar rus tilini o‘rgangunicha o‘zlari o‘zbek tilini o‘rganib olishni afzal ko‘rishadi”, - deydi Uzbekonline asoschisi.
Azimova aytishiga qaraganda, Rossiyada hozir o‘zbek tilini bilish talab qilinayotgan vakansiyalar ham bor. Masalan, uyali aloqa saloni operatorlari.
Azimova aytishiga qaraganda, o‘quv jarayonida eng qiyini – grammatika.
“Uni nafaqat tushunish va eslab qolish kerak, balkim amalda qo‘llashni ham bilish kerak. O‘shanda o‘qish jarayoni ham ancha osonlashadi”, - deydi Azimova.
Lekin internet maktabga kelayotgan aksariyat o‘quvchilar tezroq o‘zbek tilida so‘zlashishni va talaffuz qilishni o‘rganib olishni istaydi.
“Biz o‘z oldimizga bo‘lajak filologlar yetishtirishni maqsad qilib qo‘ymaganmiz. Bizning o‘quvchilar olgan bilimlarini darhol amalda qo‘llab, o‘zbek tilida tezroq gaplashishni boshlashni istaydiganlar”, - deydi mutaxassis.
Azimova aytishiga qaraganda hozirgi paytda u qozoq tilini o‘rganish bo‘yicha ham ko‘plab so‘rovnomalar olmoqda. Shu sabab internet-maktab yaqin orada boshqa Markaziy Osiyo tillarni ham o‘rgatishni boshlashi mumkin.
Uzbekonline ma’lumotiga ko‘ra, o‘zbek tilida dunyoda 40 milliondan ortiq kishi so‘zlashadi. O‘zbek tilini bilgan kishi turk, ozarbayjon, qirg‘iz, qozoq va uyg‘ur tillarini ham tushunishi mumkin.