TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov Eron Islom Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Bahman Og‘oroziy Do‘rmoniy bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur uchrashuvda 2018-yildagi O‘zbekiston – Eron muloqoti sarhisob qilindi hamda boshlangan yilda o‘tkaziladigan qo‘shma tadbirlar jadvali va kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
“Toshkent va Tehron o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish, o‘zaro yetkazib beriladigan tovarlar nomenklaturasini kengaytirish va ikki tomonlama savdo hajmini oshirish, shuningdek investitsion hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, suhbat davomida tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini Tehron shahrida o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi.