Mirziyoyev Yangi yil tabrigida nimalar haqida gapirdi?

Ayni damda O‘zbekiston diyorida Yangi 2019-yil mushakbozliklar bilan qarshi olinmoqda. Prezident soat 24.00ga bong urishi arafasida O‘zbekiston xalqini kirib kelayotgan Yangi yil bilan tabrikladi
Sputnik

TOShKENT, 1 yanv - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z xalqiga Yangi yil tabrigini yo‘lladi.

Prezident barchaga ulug‘ boylik bo‘lgan oilaviy baxt va salomatlik tiladi.

2018 yilda barcha sohalarda O‘zbekiston xalqining fidokorona mehnati evaziga katta o‘zgarishlar amalga oshirilganini ta’kidladi.

Rossiya elchisi: O‘zbekiston rahbariyati 2019-yilga yaxshi nom tanladi

"Zamonaviy korxonalar, uy-joylar, yo‘llar, ko‘priklar qurildi. Ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari barpo etildi. Xorijiy davlatlar, avvalo, yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik yanada kuchaymoqda. O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish uchun salmoqli ishlar qilindi. Buning natijasini bugun har bir inson va oila, har bir jamoa o‘z misolida ko‘rmoqda. Eng muhimi, odamlarimizning ertangi kunga ishonchi ortmoqda", - dedi prezident.

Shuningdek, davlat rahbari 2019-yilga Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili taraqqiyot uchun cheksiz imkoniyatlar eshigini ochishini qayd etdi.

"Ijtimoiy rivojlanish esa xalqimiz turmush darajasi va sifatini keskin oshirishga xizmat qiladi. Biz yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni, millatlar va fuqarolar o‘rtasida totuvlikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Xalq bilan muloqotni yuqori bosqichga olib chiqamiz.  

Tadbirkorlik va xususiy mulkni qo‘llab-quvvatlash ishlarini davom ettiramiz. Diyorimizni yanada obod va ko‘rkam qilish asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi. Ehtiyojmand oilalar va yordamga muhtoj insonlarni himoya qilishga, aholi daromadlarini oshirishga e’tiborni yanada kuchaytiramiz.  

Muhtaram faxriylar, opa-singillarimiz va yoshlarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish doimo diqqatimiz markazida bo‘ladi.

Ushbu fayzli oqshomda barcha davlat va xalqlarga, xorijiy do‘stlarimiz, hamkorlarimizga ezgu tilaklarimizni yo‘llaymiz", - dedi Mirziyoyev.

Prezident o‘zbek xalqining barcha orzu-niyatlari ushalishini, farzandlar, nabiralar baxtu kamolini ko‘rishlikni, go‘zal va betakror yurt tinch-osoyishta, olijanob, bag‘rikeng xalq hamisha omon bo‘lishini istab tilak bildirdi.