TOShKENT,15 dek — Sputnik, Kseniya Melnikova. Yaponiyada tug‘ilish darajasi keskin pasaymoqda, yosh yigitlar esa oila qurishga shoshilishmayapti. Agar karyerani barbod qilish oldidagi qo‘rquv Kunchiqar mamlakat ayollariga xos bo‘lsa, erkaklar bilan bog‘liq vaziyat tamomila boshqacha. Ular, yaponlarning o‘zlari ta’kidlashayotgani kabi, "o‘txo‘r" bo‘lib qolishgan va jinsiy munosabatlardan o‘zlarini yiroq tutadilar. Yapon erkaklari o‘z kuchlarini nimaga sarflashlari haqida - RIA Novosti materialida o‘qing.
"Bir o‘zim tinchroq yashayman: xohlasam xolva, xohlasam pranik yeyman"
"Odamlar shunga aminki, tug‘ilish darajasi pastlab ketishi sababini yaponlarning seks bilan shug‘ullanishni istamasliklaridan izlash kerak. Ular yolg‘izlikda ham baxtli. Axir boshqa qiziq narsalar ko‘p-ku: telefonda o‘yin o‘ynash, internetda roliklar ko‘rish, animelarni tomosha qilish mumkin. Jinsiy aloqa, ya’ni seksga vaqt yetishmaydi", - deydi o‘zini Ioshiro deb tanishtirgan 25 yashar yapon yigiti. Unga o‘xshaganlarni mamlakatda "o‘txo‘r erkaklar" deb chaqirish odat tusiga kirgan.
O‘n yil avval Tokioga ko‘chib kelgan moskvalik ayol Polinaning hikoya qilishicha, mamlakatda nafaqat uylanishni istamaydigan, hatto shunchaki tanishishni xohlamaydigan erkaklar ko‘plab topiladi. "Ular bu narsaga erinchoqlik ko‘zi bilan qaraydilar. Kamiga bu ularga qimmatga tushishi mumkin. Yolg‘iz yashash ularga ham oson, ham arzon va ruhiy holat jihatdan - tinch. Tanishlarim orasida oila qurgan, yoki ishqiy munosabatda bo‘lganlar bor, lekin bu muammoga yechim degani emas. Bu haqda hatto televizor orqali gapirishadi. Hukumat yolg‘iz odamlar juda ko‘pligi haqida bayonotlar qiladi", - deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashadi ayol.
Shu bilan birga, munosabatlarga qiziquvchi, biroq ayoldan birinchi qadamni kutadigan erkaklar ham "o‘txo‘rlar" toifasiga kiritilar ekan. Ayrim sotsiologlar ularni "baliqni xush ko‘ruvchilar" yoki "kutuvchi-erkaklar" deb ataydilar. "Ular birinchi bo‘lib suhbatga kirishishga qo‘rqadilar, yoki juda iymanadilar. Ularni ayollar yildan-yilga moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lib borayotganlari qo‘rquvga soladi. Aytgancha, bu erkaklar restoranda alohida hisob qilishni so‘raydilar", - deya arz qiladi Polina.
Yapon OAVlari jamoatchilik fikrini o‘rganish uchun tez-tez so‘rov o‘tkazib turadi. Shunday so‘rovlarning biriga ko‘ra, mamlakatdagi 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning teng yarmidan ko‘pi yolg‘iz ekan. 20 yoshdan yuqori bo‘lgan erkaklarning 61%i, va 30 yoshdan oshgan erkaklarning yetmish foizi o‘zini "o‘txo‘r"lar toifasiga kiritishlarini tan olganlar. Ularning aksariyati tinim bilmay ishlaydilar, ammo orasida "bo‘ydoq-parazitlar"i ham uchraydi.
Parazitlar kimlar?
Odatda, 20 yoshdan oshgan, ota-onasi bilan yashovchi va ular hisobiga betashvish hayot kechiradigan yoshlarni "parazit-bo‘ydoqlar" deyishadi. Ular to‘liqsiz stavkada ishlashlari yoki o‘z vaqtlarini birorta xobbi, ko‘ngilxushlik yoki shohona predmetlarga sarflashlari mumkin.
Yapon sotsiologlari "parazitlar" hatti-harakatlariga izoh berar ekanlar, buning sababini ular yapon iqtisodiy mo‘’jizasidan so‘ng, mamlakat jadallik bilan taraqqiy etayotgan davrdan keyin dunyoga kelgani bilan bog‘laydilar: o‘shanda mamlakatdagi ishsizlik darajasi 2 foizdan oshmagan, ish beruvchilardan takliflar esa tinimsiz yog‘ilib turgan. Bu bolalar o‘z ota-onalari qanday mehnat qilishganlarini ko‘rishgan, ammo ularning izidan borishni xohlashmagan.
Yaponlarda jasurlik hislatining yo‘qligini Ikkinchi jahon urushi oqibatlari bilan bog‘lashadi: o‘sha vaqtdan buyon mamlakat birorta harbiy mojaroda ishtirok etmagan. Erkaklarning askar bo‘lishiga hojat yo‘q, ularda "machizm" va agressiya ham kam.
Hukumat "o‘txo‘r" erkaklarni, xususan, "bo‘ydoq-parazitlar"ni mamlakatdagi ko‘plab iqtisodiy va ijtimoiy muammolarda ayblaydi. Ammo odamlarning aksariyati, "bu erkaklar saxiy va oliyjanob, ular boshqa inson qalbiga jarohat yetkazmaslik uchun romantik munosabatlarni xohlamaydilar", deya bundaylarni himoya qiladilar.
Bor kuchini ishga sarflayotgan yaponlar esa jinsiy aloqaga qiziqishni yo‘qotmoqda, lekin animelar qahramonlari o‘rtasidagi ishqiy munosabatlarni bajonidil kuzatib boradilar. Bu fenomenga bir necha yil oldin "selibat sindromi" deya nom berilgan. Bir necha yil oldin Yaponiya oilani rejalashtirish uyushmasi 16 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan qizlar "jinsiy aloqalarga qiziqmasligi va hatto jinsiy hayotga ijirg‘anib qarashlari" haqida sensatsion xabarni e’lon qilgan edi.
Yaponiyaning prezervativ ishlab chiqaruvchi Sagami kompaniyasi ham odamlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. Kompaniyani respondentlar jinsiy aloqa bilan qanchalik tez-tez shug‘ullanishlari masalasi qiziqtirardi. Aniq bo‘lishicha, juftlik bu ish bir oyda 2,8 marotaba shug‘ullanar ekan.
Prezervativ ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, yaponlar jinsiy aloqa bilan yilda 45-marta shug‘ullanadilar va dunyo reytingida oxirgi qatorni egallaydilar.
Yaponlardan bir pog‘ona yuqorida turadigan singapurliklar bu ishni ancha ko‘p - 73-marta, greklar esa - 93-marta amalga oshiradilar.
Sotsiologlar shunga aminki, yapon erkaklarining "o‘txo‘r" bo‘lishiga - mansab pillapoyasidan muvaffaqiyatli ildamlab borayotgan yapon ayollari sababchidir. Bunday ayollar munosabatlardan manfaatdor emas, chunki deganda oila qurishga shoshilmaydilar.
Agar ilgari yaponlarda oila qurish uchun ideal yosh - 25 yosh deb hisoblangan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 30ga yaqinlashgan va u yana oshishda davom etmoqda.
Bu tendensiyalar mamlakatdagi demografik holatga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Yaponiya aholisi eng qari mamlakatlar orasida yetakchi hisoblanadi: farzand tug‘ilishi borgan sari kamaymoqda, pensionerlar soni esa ko‘payib bormoqda. Kelajakda muammo yanada ziddiy tus olishi v bu holat iqtisodiy kollapsga olib kelishi mumkin.
Demograflar hisob-kitobiga ko‘ra, XXI asr o‘rtasiga kelib, yaponlar soni 30%ga qisqaradi, va bu masala tabiiyki davlatni tashvishga solib keladi. Choralardan biri sifatida Yaponiya hukumati firmalarga chet ellardan 345 ming nafar xodimlarni qabul qilishni taklif etgan. Orolliklarning gastarbayterlarga bo‘lgan "muhabbati"ni hisobga olgan holda, Bosh vazir Sindzo Abega bu qarorni qabul qilish oson bo‘lmagan, deya aytish mumkin. Ammo uning boshqa chorasi ham yo‘q. Qolaversa, Abening o‘zi ham yaponlarga yaxshi o‘rnak ko‘rsatishga qodir emas - 64 yashar bosh vazirning farzandi yo‘q, u bor kuchini ishga sarflaydi.