Senat raisi 30-yildan buyon bajarilmayotgan qonun ijrosini talab qildi

Nig‘matilla Yo‘ldoshev xorijiy so‘z va shevalardan foydalanayotgan boshlovchilar, til qoidalariga rioya qilmaydigan reklama va o‘zbek tilida nusxasi bo‘lmagan qonunlarni tanqid qildi.
Sputnik

TOShKENT, 13 dek - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘zbek tili beparvolik va e’tiborsizlik tufayli abgor holatga tushib qolayotgani haqida bayonot qildi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

O‘zbek tilining tarixi yoxud Xodja, Dosmat, Maxamatlar qanday paydo bo‘lgani haqida

Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat tili haqidagi qonunning 30-yilligi munosabati bilan, "ushbu shonli sanani nishonlashga puxta tayyorgarlik ko‘rish va o‘zbek tili rivoji bilan bog‘liq muammolarni tahlil etish maqsadida" davlat tili haqidagi qonunning Toshkent shahrida, shuningdek, turli vazirlik va idoralarda ijro etilishi holati o‘rganilgan.

"O‘rganishda mustabid tuzum hukmronligi davrida xalqimizning o‘ziga xos jasorati timsoli sifatida qabul qilingan ushbu qonun ijrosi yillar davomida deyarli o‘z holiga tashlab qo‘yilgani aniqlandi", - deb ta’kidladi Senat raisi.

Yo‘ldoshev so‘zlariga ko‘ra, eng afsusli jihat shundaki, tilning ijtimoiy ongni shakllantiruvchi muhim omil sanalishiga va inson qaysi tilda so‘zlasa va fikrlasa, o‘sha tildagi mafkuraga moyil bo‘lishiga ahamiyat qaratilmagan.

Aksincha, qonun ijrosini nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan parlament huzuridagi Doimiy til komissiyasi hamda Atamashunoslik qo‘mitasi faoliyatlari tugatilgan, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish ishlari esa, belgilangan muddatda to‘liq yakuniga yetkazilmagan. Keyinchalik qabul qilingan qonunlardagi normalarning "Davlat tili haqida"gi qonunga muvofiqligini ta’minlash masalasi ham e’tibordan chetda qolgan.

Yangi o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga 300 nafar talaba qabul qilinadi

"Qonunda javobgarlikka tortishga asos bo‘luvchi normalar mavjud bo‘lsa-da, qonun normalarining muntazam buzib kelinayotgani uchun biron-bir aybdor shaxs belgilangan tartibda javobgarlikka tortilmadi. Achchiq bo‘lsa-da, aytishga to‘g‘ri keladi – bu holat qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish o‘rniga, uni ma’lum ma’noda rag‘batlantirmoqda", - dedi Yo‘ldoshev.

Senatorning ta’kidiga ko‘ra, bu kabi yana ko‘plab kamchiliklar va hanuzgacha davom etayotgan qonunbuzarliklar, "qonunning egasiz va ojiz bo‘lib qolgani oqibatida davlat tili nufuzi pasaymoqda".

"Telekanallarda efirga berilayotgan, nomi inglizchayu, o‘zi go‘yoki o‘zbekcha ko‘rsatuvlar til qoidalariga mutlaqo yotligi mas’ullarni ham, ko‘rsatuvni tayyorlovchi "ijodkorlarni" hech bo‘lmaganda uyaltirmayapti", - dedi Yo‘ldoshev.

Senator lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida saboq olishni boshlagan yoshlar bugun 23 yoshdan oshganini aytdi.

"Fundamental-ilmiy, badiiy, siyosiy va boshqa adabiyotlarning aksariyati esa kirillcha qolib ketgan. Oqibatda, hayotning ayni ilm olishga zaruriyat va ishtiyoq tug‘ilgan jo‘shqin pallasida aksariyat yoshlarning imkoniyati cheklanib qolmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, tilimizning abgor holatga tushib qolayotganiga o‘zimizdagi beparvolik, e’tiborsizlik va mas’uliyatsizlik sabab bo‘lmoqda", - deb hisoblaydi senator.

Ekspert lotin alifbosining asosiy kamchiliklari xususida fikrini aytdi

Shu bois, Senat kengashi Vazirlar Mahkamasi va boshqa mas’ul tuzilmalarga shu kabi ko‘plab kamchiliklarni, davlat tili rivojiga to‘siq bo‘layotgan shart-sharoitlarni bartaraf qilishga qaratilgan tavsiyalarni berdi. Xususan, "Davlat tili haqida"gi qonun ijrosini to‘liq ta’minlashga oid chora-tadbirlar, belgilangan "Yo‘l xaritalari"ni tasdiqlash, qonun talablarini vazirlik va idoralar tomonidan bajarilishi holatini Vazirlar Mahkamasining rayosatida muntazam ravishda muhokama qilib borish zaruriyati belgilandi.