Mirziyoyev taklif etgan nomzod xalq deputatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi

Shavkat Mirziyoyev yangi hokimga tegishli ko‘rsatmalarni berdi.
Sputnik

TOShKENT, 30 noya - Sputnik. Xorazm viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Farhod Ermanov Xorazm viloyati hokimi etib tasdiqlandi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Farhod Ermanovni tayinlash to‘g‘risidagi masala Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining sessiyasida ishtirok etmoqda

Ilgari Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, Beruniy tumani hokimi lavozimlarida ishlagan. Keyingi yetti oyda u Xorazm viloyati hokimi vazifalarini bajarishda sinovdan o‘tgan. Xalq deputatlari kengashining partiyalar guruhlari bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlarda ham Farhod Ermanov nomzodi qo‘llab-quvvatlangan.

Avvalroq Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat prokurori, ichki ishlar va soliq boshqarmalari boshliqlari vazifalariga ham yangi rahbarlar tayinlangan edi.

Prezident viloyat rahbarlari Xorazm xalqi bilan bir tanu bir jon bo‘lib, bugun belgilab berilgan vazifalarni to‘la bajarishi, iqtisodiyotni rivojlantirish va odamlar hayotini yaxshilash bo‘yicha kutilgan natijalarga erishishi zarurligini ta’kidladi.