TOShKENT, 26 noya – Sputnik. Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan qishloq joylarda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirish va muhtoj oilalarni arzon uy-joy bilan ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Qarorga muvofiq, 2019-yildan boshlab quyidagi yangi namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar quriladi:
“Obod qishloq” dasturiga kiritilgan, shuningdek muhandislik-transport kommunikatsiyalari bilan ta’minlanmagan hududlarda 0,02 ga o‘lchamli yer uchastkalarida bir qavatli 3 xonali arzon uylar;
“Obod qishloq” dasturiga kiritilgan, shuningdek muhandislik-transport kommunikatsiyalari bilan ta’minlangan hududlarda to‘rt qavatli (2 va 3 xonali) arzon uylar;
shaharlarda Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari hamda ichki ishlar organlari xodimlari uchun besh qavatli (2 va 3 xonali) arzon uylar.
Qaror bilan 2019-2020 yillarda qishloq joylarda va fuqarolarning alohida toifalari uchun arzon uy-joylar qurilishi bo‘yicha, shuningdek arzon uy-joy massivlarida tashqi muhandislik tarmoqlari, inshootlari va transport kommunikatsiyalari qurilishi bo‘yicha yig‘ma ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.
Ushbu ko‘rsatkichlarga ko‘ra 2019-yilda jami 15 ming 10 ta arzon uy-joylar va kvartiralar qurilishi rejalashtirilgan. Ularning 11 ming 70 tasi uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, 2019-yilda fuqarolarning alohida toifalari (Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va ichki ishlar organlari xodimlari) uchun jami 2 ming 10 ta kvartiralar quriladi.
2019 yil 1-iyulgacha arzon uy-joylar qurilishi monitoringi bo‘yicha axborot tizimi ishlab chiqiladi.
Endilikda muhandislik-transport kommunikatsiyalariga ulanmagan, uzluksiz elektr va suv ta’minoti yo‘lga qo‘yilmagan arzon uy-joylar foydalanishga qabul qilinmaydi.
Tijorat banklari uy-joy quruvchilarga 2-yillik imtiyozli davr hamda 5-yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida:
qishloq joylardagi arzon uy-joylarni sotib olish uchun – 20-yil muddatga va boshlang‘ich badali 10 foiz miqdorida;
fuqarolarning alohida toifalari tomonidan arzon ko‘p kvartirali uylarni sotib olish uchun – 15-yil muddatga va boshlang‘ich badali 25 foiz miqdorida ipoteka kreditlari taqdim etadi.
Bundan tashqari, qarorga muvofiq har yili Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiy xizmatchilari, qutqaruvchilari va xodimlari uchun – 56 ta, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari uchun – 300 ta, ichki ishlar organlari xodimlari uchun – 168 ta, alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar uchun – 420 ta, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar uchun – 66 ta kvartiralar ajratiladi.