TOShKENT, 15 noya – Sputnik. Mehnat vazirligi Andijon viloyati hokimining hayriya hasharini uyushtirishga doir hujjati yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Joriy yil 13-noyabr OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimining joriy yil noyabr va dekabr oylarini viloyatda “ma’naviyat oyi” deb e’lon qilgan qarori tarqaldi.
Hokimning buyrug‘iga asosan shu yilning noyabr oyi ikkinchi o‘n kunligida Andijon viloyatida xayriya hasharini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, hashar munosabati bilan hududdagi barcha davlat va nodavlat tashkilotlar xodimlarining bir kunlik maoshi ixtiyoriy asosda viloyat hokimiyatining maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma’lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-son qaroriga muvofiq, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar quyidagi shartlarga qat’iy rioya etilgan holda faqat ixtiyoriy tarzda tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
Vazirlik ta’kidlashicha, umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida faqat O‘zbekiston prezidentining tegishli hujjati yoki Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lganda, unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi.
Hasharlar doirasida barcha boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta’mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qat’iy yo‘l qo‘yilmagan holda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ish o‘rinlarini tartibga keltirish ishlari amalga oshiriladi.
Andijon viloyati hokimiga 2018-yil 7-noyabrdagi buyrug‘ini qonunchilikka muvofiqlashtirish to‘g‘risida Davlat mehnat huquq inspeksiyasining ko‘rsatmasi yuborilgan.
Unda hasharni o‘tkazish jarayonida Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-son qarori va amaldagi qonunchilik talablariga amal qilish zarurligini inobatga olish kerakligi ta’kidlangan.
Shuningdek, Andijon viloyati hokimligi o‘n kun muddatda ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Davlat mehnat huquq inspeksiyasiga taqdim etishi kerakligi qayd etilgan.