TOShKENT, 6 noya – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzurida Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC) tashkil etiladi.
Bu haqida 5-noyabr kuni imzolangan O‘zbekiston prezidenti qarorida aytib o‘tilgan, O‘zA xabariga asosan.
Qarorda aytilishiga ko‘ra, ushbu Markaz – investitsiya muhitini yaxshilash, investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi kafolatlarini mustahkamlash uchun xizmat qiladi.
Toshkent xalqaro arbitraj markazinining asosiy vazifalari:
- turli davlat yurisdiksiyasida bo‘lgan subyektlar, xorijiy investorlar o‘rtasida yuzaga keladigan huquqiy nizolarni, xususan, investitsiyalar, intellektual mulk va blokcheyn texnologiyalari bilan bog‘liq nizolarni xalqaro arbitraj orqali hal etish;
- yetakchi xorijiy arbitrajlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xorijiy arbitrlarni jalb qilish;
- investitsiyalar bilan bog‘liq nizolarni suddan tashqari hal etish sohasida mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish va boshqalar;
Arbitraj markazining xo‘jalik sudlaridan farqi
Qarorda belgilanishiga ko‘ra Toshkent arbitraj markazi O‘zbekiston xo‘jalik sudlardan quyidagi jihatlari bilan ajralib turadi:
- Toshkent xalqaro arbitraj Markaziga O‘zbekiston fuqarolari bilan bir qatorda xorijiy davlatlar fuqarosi bo‘lgan malakali arbitrlar ham jalb etilishi mumkin;
- tomonlarning kelishuviga ko‘ra, nizolarni hal etishda Markaz arbitrlari tomonidan boshqa, shu jumladan, xorijiy davlatning huquqi qo‘llanishi mumkin;
- Markaz arbitrlarining qarorlari hakamlik sudlari qarorlarini ijro etish va O‘zbekiston imzolagan xalqaro shartnomalarga asosan ijro etiladi;
- Markazda yozishmalar va ish yuritish o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi;
- Sudlar o‘z vakolatlari doirasida va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda arbitraj ishlari ko‘rilishida dalillar olish, to‘plash, Markaz arbitrlari qarorlarining ijrosini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rish borasida Markazga ko‘maklashadi;
- eshituvlar va boshqa protsessual harakatlarni o‘tkazish zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda onlayn tartibda, arbitrlar va tomonlarning ishtirokisiz amalga oshirilishi ham mumkin;
- Xalqaro arbitrajda ishtirok etayotgan tomonlar vakillarida advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyaning mavjud bo‘lishi talab etilmaydi;
- Markaz qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nizolarni mediatsiya tamoyilini o‘tkazish orqali hal etish va nizolarni hal etishning boshqa muqobil usullarini qo‘llash huquqiga ega;
Shuningdek, Toshkent arbitraj markazida ishlayotgan arbitrlarga daromad solig‘idan ozod etish, ishlashga ruxsatnoma rasmiylashtirmaslik, viza va boshqa xizmatlar uchun to‘lov olmaslik kabi qator imtiyozlar beriladi.
Markaz faoliyatini tashkil qilish
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi belgilangan tartibda:
ikki hafta muddatda Markaz Kuzatuv kengashi tarkibini shakllantirishni;
bir oy muddatda Markaz Qoidalari, tuzilmasi hamda asosan yetakchi xorijiy xalqaro arbitrajlarda ishlash tajribasiga ega va Markaz Kuzatuv kengashi tomonidan ma’qullangan arbitrlar ro‘yxatini shakllantirish va tasdiqlashni;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 11-uy manzilida joylashgan binoning Savdo-sanoat palatasiga Markazni joylashtirish uchun beg‘araz asosda berilishini ta’minlasin.
bir oy muddatda yetakchi xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilishini yakunlash va uni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritishni ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi Markazni belgilangan tartibda imtiyozli asosda zarur aloqa vositalari bilan hamda yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanishini ta’minlasin.
Prezident qarorining to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.