TOShKENT, 5 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda shu yilning aprelida xorijlik sudyalar ishtirokida xalqaro tijorat arbitraj (hakamlik) sudi instituti paydo bo‘lishi mumkin. Mazkur yo‘nalishga oid qonun hujjati loyihasi O‘zbekiston normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida muhokamaga qo‘yildi.
Savdo-sanoat palatasi tomonidan ishlab chiqilgan hujjatda arbitraj jarayonining barcha jihatlari aks etgan.
"Arbitraj sudining asosiy tamoyillari hakamlarning mustaqilligi va xolisligi, arbitraj hukmining yakuniyligi va majburiyligi, tomonlarning teng huquqligi hamda arbitraj ishlarida ko‘rilgan ma’lumotlarning sir saqlanishidir", — deyiladi hujjatda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, arbitraj sudi tarkibiga O‘zbekiston yoki boshqa mamlakat fuqarolari hamda yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan fuqaroligi yo‘q shaxslar kirishi mumkin.
Hujjat muhokamasi 2017-yil 12-yanvarda yakuniga yetadi.