"Ariqdagi oltovlon" kimligi aniqlandi

Shu kunlarda internet tarmoqlarida ariqdagi suvga tushib, qo‘lida tabellari bilan mung‘ayib turgan olti nafar O‘zbekiston fuqarolarining surati yashin tezligida ommalashgan edi. Ular kimligiga ham aniqlik kiritildi
Sputnik

TOShKENT, 28 okt - Sputnik. O‘zbekiston dala maydonlaridan birida sodir bo‘lgan "xo‘rlangan oltovlon" mavzusi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda Facebookdagi "Xalq bilan muloqot" guruhida foydalanuvchilardan biri ariq ichida tizzisigacha suvga botgan holda qo‘lida daftar va ruchka ushlab turgan 6 nafar erkak kishining fotosuratini joylashtirgan edi. Fotosuratga qoldirilgan izohda "Paxta rejasini bajaraolmayotgan fermerlarni mana shunday xolatda "majlis darsi" o‘tilibdi", - deyilgan

O‘zbekistonda paxta terimidagi kamchiliklar sababli rahbarlar jazolandi

Shundan so‘ng, Mehnat vazirligi darhol rasmiy murojaat e’lon qilib, fuqarolardan suratga olingan joy va sharoitni aniqlashga yordam beruvchi har qanday ma’lumotlar haqida xabar berishlarini so‘ragan edi.

Bugunga kelib, ariqdagi erkaklarning kimligiga aniqlik kiritildi.

Kun.uz muxbirlari o‘tkazgan surishtiruvga ko‘ra ushbu holat Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani, "Abdunosir G‘ulom" fermer xo‘jaligi maydonida yuz bergan.

Nashr ariqdagilarni kimligini sanab o‘tgan: ular Oqqo‘rg‘on tumani hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari — Sherzod Murodov, tuman suv xo‘jaligi boshlig‘i — Tohir Mirzakarimov, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i — Sharof Ahmedov, "Ozod" MFYning oqsoqoli — Zokir Musabekov, "Mavlonboy ota" fermer xo‘jaligini rahbari — Abror Mavlonov, "Abdunosir" fermer xo‘jaligi rahbari (ismi Nosir) ekanligi aytilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, rahbarlar g‘allani o‘z vaqtida sug‘ormagan mas’ul va fermerlarni shu ko‘rinishda jazolagan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, ayni vaqtda ushbu holat yuzasidan qizg‘in muhokamani davom ettirmoqda.

Jumladan, Feysbuk foydalanuvchilarining aksariyati o‘z mansabini saqlab qolish uchun ariq suviga tushib mung‘ayib turgan oltovlonni "g‘ururli bo‘lishga" chaqirishgan.