Xorijdagi vatandoshlarni qaytishi uchun imtiyozlar joriy etildi

Xorijdagi vatandoshlarga O‘zbekiston fuqaroligini olish, boshqaruvchi lavozimlar ishlash, o‘qish va uy joy masalalarida - imtiyozlar beriladi.
Sputnik

TOShKENT, 27 okt - Sputnik. Xorijdagi vatandoshlar O‘zbekistonga qaytishi va u yerda ishlashi uchun katta imkoniyatlar yaratiladi, deyilgan prezident yangi qarorida.

Abdulaziz Kamilov xorijdagi o‘zbekistonliklar bilan onlayn muloqot o‘tkazadi

Hujjatda aytilishiga ko‘ra, ayni damda vataniga qaytishni istayotgan o‘zbekistonliklar uchun bir talay muammolar mavjud. Bu viza olish, yashash va ishlashga ruxsatnomalar olish, oliy ta’lim muassalarida o‘qish, davlat ishlarida ishlash va boshqa muammolar.   

Prezident farmonida  vatandoshlarga bir talay masalalarda yordam ko‘rsatish nazarda tutilgan. Xususan: 

  • Sodalashtirilgan tartibda viza, yashashga va ishlashga ruxsatnomalar olish;
  • Yuqori malakali mutaxassislarni O‘zbekistonda ish bilan ta’minlash;  
  • Vatandoshlarga ijtimoiy va maishiy muammolarni hal qilishda yordam berish;  
  • Bo‘sh turgan davlat mulkini, yerlarni vatandoshlarga tadbirkorlik, ilmiy, ta’lim va innovatsion loyihalarni amalga oshirishlari uchun ajratib berish;
  • Vatandoshlarning o‘qishi, ishi va boshqa muammolarini hal qilishda moliyaviy yordam ko‘rsatish;
  • Yuqori malakali vatandoshlarni davlat, xo‘jalik boshqaruv lavozimlariga hamda maslahatchi lavozimlariga ishga qabul qilish;
  • O‘zbekiston fuqraoligini soddalashtirilgan tartibda berish;
  • O‘zbekiston OTMlarida o‘zbek tili, adabiyoti, tarixi, kinosi madaniyati va teatr san’ati yo‘nalishlari bo‘yicha  o‘qish uchun grantlar berish;  
  • Vatandosh  bo‘lgan OAV vakillari, jurnalistlarga soddalashtirilgan tartibda akkreditatsiya berish;
  • O‘zbekiston rivojlanishiga hissa qo‘shgan vatandoshlarga davlat mukofotlari va nufuzli unvonlar berish;  

Qarorda, shuningdek,"Vatandosh" tushunchasiga ham izoh berilgan. Hujjatda aytilishiga ko‘ra vatadoshlar asosiy uch xil bo‘lishi mumkin: 

Uzoq Sharqdagi oqsoqollar: o‘zbekistonliklar Vladivostokda qanday yashashmoqda

1. O‘zbekiston fuqarolari - turli sabablarga ko‘ra, ayni damda xorijda yashab ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari. 

2. Sobiq O‘zbekiston fuqarolari - oldin O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan va keyinchalik chet elga ko‘chib ketib boshqa davlat fuqaroligini olgan shaxslar. 

3. Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar - milliy va etnik kelib chiqishi tufayli o‘zini o‘zbek yoki qoraqaopoq millatiga mansub deb hisoblaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar. 

Qarorda aytilishiga ko‘ra, vatandoshlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha amaliyotlar “El-yurt umidi” fondi hamda xayriya fondlar mablag‘lari asosida amalga oshiriladi.