Uzoq Sharqdagi oqsoqollar: o‘zbekistonliklar Vladivostokda qanday yashashmoqda

© Sputnik / Vitaliy Ankov / Mediabankka o‘tishGoroda Rossii. Vladivostok
Goroda Rossii. Vladivostok - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Vladivostokda ishlaydigan o‘zbekistonliklar Navro‘zni Russkiy orolida qanday nishonlashadi, bu haqda Sputnik muxbiriga Primorye o‘lkasidagi "Adolat" o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar jamoat tashkiloti raisi Bahodir Nurakov so‘zlab berdi.

TOShKENT, 24-may — Sputnik, Kseniya Nabatkina. Primorye o‘lkasida 158 millat vakillari istiqomat qilishadi, bu yerdagi muhojirlarning 80%i o‘zbekistonliklar deydi "Adolat" o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar jamoat tashkiloti raisi Bahodir Nurakov Sputnik muxbiri bilan suhbatda.

- Primoryedagi o‘zbekistonliklar nima bilan shug‘ullanishadi, qayerda ishlashadi?

— Qurilish, savdo, ishlab chiqarish sohalarida mehnat qilishadi. So‘nggi vaqtda vatandoshlarimiz tibbiyot, davlat tizimida ham faoliyat ko‘rsatishmoqda. Kimdir o‘z biznesiga ega. Ko‘pchilik, albatta, bu yerga vaqtinchaga, pul topgani va keyin O‘zbekistonga qaytib ketish uchun keladi. Ayrimlar noqonuniy ishlaydi, hammada ham har oy 4200 rubldan pul to‘lash imkoni yo‘q.

Hozirda Uzoq Sharq federal universitetida O‘zbekistondan 400dan ortiq talaba tahsil oladi. O‘qishni bitirganidan so‘ng ayrimlar shu yerda qoladi, kimdir ordinaturaga kirishga harakat qiladi, masalan, Yaponiyaga.

- Vladivostok o‘zbekistonliklarni nimasi bilan jalb etadi?

— O‘zbeklar bilan ishlaydigan jamoat tashkiloti raisi sifatida aytishim mumkinki, bu yerda millatlararo yirik janjallar yuz bermagan, mahalliy aholi migrantlarga nisbatan yaxshi munosabatda, shuning uchun ko‘pchilik shu yerga keladi.

- Tashkilotingiz haqida so‘zlab bersangiz.

— Bu yerda har bir millatning o‘z jamoat tashkiloti bor, nima uchun o‘zbeklarniki bo‘lmasligi kerak. Buning ustiga, ular bu yerda ko‘pchilikni tashkil etsa. Shu bois mana shu tashkilotga asos solishga qaror qilganmiz.

Tashkilot 12 kishidan iborat oqsoqollar kengashi tomonidan boshqariladi, ularning hammasi O‘zbekistondan, faqat hozirda Rossiya fuqarosi, 20,30,40 yildan buyon shu yerda yashashadi. O‘zimiznikilarni qo‘llab-quvvatlash uchun hammamiz jam bo‘ldik.

Oqsoqollarimiz turli shaharlardan — Buxoro, Samarqand, Toshkent. Dastlab to‘rt kishi edi, keyin meni rais etib saylashdi. So‘ngra yana bir necha kishini jalb etdik. Ularga vatan va millat uchun mehnat qilish kerakligini aytdik. Oqosoqollar bilan birgalikda yirik masalalarni hal qilamiz. Masalan, u yoki bu tadbirni qayerda tashkil etish, qanday o‘tkazish kabi. Vatandoshlar murojaatlari bilan esa asosan men va maslahatchilarim ishlashadi.

- Ko‘pincha qanday muammolar bilan murojaat qilishadi?

© VL.ru Baxodir Nurakov, predsedatel obshestvennoy organizatsii uzbekov i urojensev Uzbekistana "Adolat"
 Baxodir Nurakov, predsedatel obshestvennoy organizatsii uzbekov i urojensev Uzbekistana Adolat  - Sputnik O‘zbekiston
Baxodir Nurakov, predsedatel obshestvennoy organizatsii uzbekov i urojensev Uzbekistana "Adolat"

— Asosan hujjatlar bilan bog‘liq muammolar. Ba’zida maishiy yoki oilaviy muammolarni yechishda yordam berishimizga to‘g‘ri keladi.

- Sizlarni qanday topishadi?

— Bu yerdagi barcha o‘zbeklar biz haqimizda bilishadi deb o‘ylayman, chunki Primorye o‘lkasida yagona bunday tashkilot bizmiz. Besh yil ichida Vladivostok markazida ofisimiz ochildi, qaynoq liniya ishlab turibdi. WhatsApp orqali murojaat qilishadi.

- Primoryeda yashaydigan o‘zbeklar yig‘ilib turishadimi?

— Albatta. Shaharda bir nechta milliy oshxonalar bor. Tez-tez to‘ylar bo‘lib turadi.

Zulayxo Kadirova - Sputnik O‘zbekiston
Migrant-friendly: Razandagi o‘zbeklar qanday hayot kechirishmoqda

Navro‘zni har yili nishonlaymiz, oltinchi marotaba ushbu bayramni o‘tkazdik. Oxirgi marta Russkiy orolida bir yarim ming kishi jam bo‘ldi. Palov tayyorlaymiz, konsert uyushtiramiz. Yordam berishga tayyor faollar, tadbirkorlar bor. Shahar ahli hatto qo‘ng‘iroq qilib qachon tadbir o‘tkazilishini so‘rab turadi.

- Boshqa tadbirlarda ham qatnashasizlarmi?

— Ko‘plab tadbirlarda, jumladan, shahar miqyosidagi tadbirlarda ham ishtirok etamiz. Bizning milliy liboslari va karnay-surnaylariga ega raqs va vokal jamoalarimiz bor. Ularni ko‘pincha misol uchun koreyslar yoki ukrainlar o‘z bayramlariga taklif etishadi.

May oyi boshida Ussuriyskda katta palov festivali o‘tkazildi. Mehmonlar uchun 10ta qozonda osh damlandi. Biz toshkentcha palov tayyorladik.

Sport tadbirlarida ishtirok etamiz. 2014-yilda bizning jamoamiz 10ta terma jamoa qatnashgan millatlararo futbol musobaqasida birinchi o‘rinni olgan. Ba’zan o‘zimiz ham kurash, futbol bo‘yicha musobaqalar uyushtiramiz.

- O‘zbekistonga borib turasizmi? Mamlakatda bo‘layotgan o‘zgarishlar sezilyaptimi?

— Toshkentga har yili boraman: u yerda qarindosh va do‘stlarim yashaydi. Mamlakatdagi katta o‘zgarishlarni ko‘rib turibman, iqtisodiyotda ko‘plab islohotlar o‘tkazilyapti. Shavkat Mirziyoyev oqilona siyosat olib borapti deb o‘ylayman. U bosh vazir bo‘lib ishlagan, prezident etib saylanganida esa mamlakatdagi vaziyatdan juda yaxshi xabardor edi, shuning uchun hamma ishni to‘g‘ri olib borapti. Qisqa vaqt ichida buncha narsani o‘zgartirish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.

- Vladivostokda O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi ochilishi rejalashtirilgan. Bunga ehtiyoj bormi?

— Konsulxona judayam kerak. Uzoq Sharqda o‘zbekistonliklar ko‘p, ammo kimdir hujjatini yo‘qotib qo‘ysa yoki biror muammo paydo bo‘lsa, Moskva yoki Novosibirskka borishiga to‘g‘ri keladi, bu esa uzoq yo‘l degani.

Yangiliklar lentasi
0