Yangi tarixning boshlanishi
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning yangi tarixi aynan Shavkat Mirziyoyevning 2017-yildagi Moskva shahriga tashrifidan boshlangan edi. O‘quvchilarning xabari bor, o‘shanda 15 milliard dollarga teng shartnomalar imzolangandi. Asosiysi, bu shartnomalarning asosiy qismini investitsiyalar tashkil qilgan. Investitsiya esa, bilamiz, uzoq muddatda mo‘ljalangan shekrikchilik, o‘zaro ishonch degani.
Ushbu shartnomalarda belgilangan kelishuvlar bugungi kunda faol tarzda amalga oshirilmoqda va o‘zining “meva”sini ham bermoqda. Darvoqe, “meva” deganga, aynan O‘zbekiston shu shartnomalar asosida Rossiyaga joriy yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 70 %ga ko‘proq meva-cheva yetkazib berdi.
Aytish lozim, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatdar, tuziladigan bitimlar ayrim hollarda bo‘lgani kabi, umumiylik xususiyatiga ega bo‘lmay, aniq tadbirlar, ish hajmi, miqdori belgilanggan “yo‘l xarida”talari ko‘rinishida bo‘lib, o‘zaro hamkorlikning bu kabi ko‘rinishi ancha samarali, aniq manzilli va natijador hisoblanadi.
Nimalar ko‘riladi?
Rossiya davlat rahbarining bu tashrifi sermazmun va sermahsul bo‘lishi kutilmoqda. Bu, birinchidan, nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyodagi birinchi atom stansiyasi qurilishinining tamal toshini qo‘yish, ikkinchidan, ikki yirik – hududlararo va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi forum. Uchinchidan, oliy darajadagi muzokaralar.
AES qurilishi ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlaydigan yirik loyiha. Albatta, bu ikki davlat o‘rtasidagi yagona yirik loyiha emas. ”Lukoyl” bilan sherikchilikda yaratilgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi yoki Toshkent va Qoraqalpog‘istonda qurilishi rejalashtirilayotgan yirik metall zavodlarini yodga olish kifoya. Bu kabi loyihalar yildan yilga ko‘payib bormoqda
Ilm-fan ham chetda emas
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy qismini gumanitar soha tashkil etishi kutilmoqda. Rossiya va O‘zbekistonning turli darajadagi amaldorlari, vazirlari, harbiylari, tijoratchilari ko‘p bordi-keldi qilishgan, biroq hech qachon Rossiya oliy o‘quv yurtlarining shuncha vakillari (60ga yaqin bo‘lishi taxmin qilinmoqda) hali na yaqin va na uzoq tarixda O‘zbekistonda bo‘lmagan.
Ikki davlat prezidentlari uchrashuvlari doirasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan oliy o‘quv yurtlari rektorlarining forumi ikki davlatning gumanitar sohadagi hamkorligini yangi bosqichga olib chiqadi.
Albatta, shu kungacha ham u hamkorlik bor edi. Hozirda O‘zbekistonda Rossiyaning beshta oliy o‘quv yurti faoliyat yuritmoqda. Forum natijalari bo‘yicha esa ular soni oshishi kutilmoqda. Rossiyada o‘qiyotgan o‘zbek talabalarining ham soni yildan yilga oshib bormoqda. Bu uchrashuvdan keyin ushbu yo‘nalishda ham keskin o‘zgarishlar bo‘ladi.
Rossiyaning o‘z paxtasi bo‘ladimi?
Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yilgi Moskvaga tashrifi chog‘ida hududlararo aloqalarga asos solingani haqida yuqorida bayon etildi. O‘shandan keyin ikki davlatning ma’muriy hududlari o‘zaro manfaatli sherikchilik asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu yo‘nalishda ayniqsa, Tatariston ilg‘or. Rossiya Federatsiyasining mazkur subyekti O‘zbekistonga neft-kimyo, to‘qimachilik, sanoat va mashinasozlik sohalarida foydali takliflarni bera oladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston yaqinda Vladivostok, Qozon, Yekaterinburg va Rostov-Donda o‘z vakolatxonalarini ochishni rejalashtirgan. Bu esa o‘z navbatida ushbu subyektlar ham faol hamkorlikka kirishishlari mumkinligini bildiradi.
Rossiya viloyatlarining manfaatlari haqida so‘z ketganda, janubiy Rossiya hududlarini paxta yetishtirishga bo‘layotgan qiziqishlarini eslab o‘tish lozim. Bu borada ko‘p yillik tajribaga va yetuk muxataxassislarga ega bo‘lga O‘zbekistonning ko‘magi asqotishi mumkin.
Sibir ham hududiy hamkorlikning asosiy “o‘yinchi”laridan biri hisoblanadi. Hozircha bu hududning Tomsk viloyatigina, gumanitar va ilmiy hamkorlik hisobiga faol. Biroq boshqa hududlar va o‘zga sohalarda ham sherikchilik uchun yetarlicha sohalar, imkonlar mavjud.
Bu yo‘l qayga boradi?
O‘zbekiston nafqat Markaziy Osiyodagi qo‘shnilari, balki Xitoy, Yevropa, Rossiyaning o‘zi bilan yuksak tranzit imkoniyatlariga ega.
Deyik, Hindiston o‘z tovarlarini markaziy va sharqiy Rossiyaga tez va arzon yetkazib bermoqchi bo‘lsa, albatta, O‘zbekiston orqali o‘tadigan yo‘ldan foydalanishi tabiiy. O‘zbekiston esa o‘z navbatida transport yo‘laklarini faol rivojlantirib bormoqda. Unchalar ham oddiy bo‘lmagan Afg‘oniston yo‘nalishida ham jiddiy ishlar qilinmoqda. “Termiz-Mozori Sharif” temir yo‘li ishga tushirildi, ushbu yo‘lni Hirotgacha yetkazish ishlari amalga oshirilmoqda. Kelajakda esa bu yo‘l janubiy dengizga chiqarilib, o‘ta muhim bo‘lgan “Shimol-Janub” yo‘nalishiga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Yuksak darajadagi uchrashuv jarayonida ushbu yo‘nalishda ham muzokaralar o‘tkazilishi, sohadagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Eski notinch qo‘shni
Afg‘oniston! Bu jafokash davlat yuzasidan har ikkala davlatning o‘z manfaatlari bo‘lsa-da, umumiylari ham yo‘q emas.
Asosiysi, har ikkala davlat ham Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishidan manfaatdor.
Ikkinchidan, afg‘on mojarosining barcha tomonlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligi har ikkala davlatni birlashtiradi. Deylak, ilgari Rossiya Afg‘onistonning shimoliy viloyatlariga alohida e’tibor qaratgan bo‘lsa, endilikda u mojaroning barcha tomonlarini muzokara stoli atrofida ko‘rishga tayyor.
Uchinchidan, xavfsizlik har ikki davlat uchun ham muhim va uning umumiy jihatlari bor. Ko‘p aytildi, Suriya va Iroqda yengilgan IShID Afg‘onistonning shimoliy viloyatlariga ko‘chib o‘tdi. Bu esa o‘z navbatida Rossiyaga ham, O‘zbekistonga ham bevosita xavf soladi.
Afg‘onistondagi vaziyat mazkur masalaning harbiy-siyosiy muhokamasisiz o‘tmasligini ko‘rsatmoqda.
Harbiy hamkorlik
Afg‘on masalasi ko‘rilar ekan, xavfsizlik va harbiy hamkorlik albatta muhokama qilinadi.
O‘zbekiston va Rossiyaning yangi davrdagi hamkorligi hech qachon bugungi darajada bo‘lmagan. Ikki davlat rahbarlarining Moskvadagi uchrashuvidagi kelishuvlardan so‘ng, harbiy sohada ham sherikchilik jonlandi. Rossiyaning jangovar Mi-35 vertolotlarini yetkazib berish bo‘yicha bitim imzolandi.
Hamkorlikdagi harbiy mashg‘ulotlar o‘tazildi, harbiy mutaxassislarni yetkazib berish dasturi asosida ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda esa MDHga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari sammitida ikki davlat mudofaa vazirlari harbiy aviatsiya uchun Rossiya va O‘zbekiston havo makonidan foydalanish bo‘yicha kelishuv imzoladilar.
Bir so‘z bilan aytganda, bu oliy toifadagi uchrashuv shubhasiz, har ikki davlatning bundan keyingi taraqqiyoti, rivoji va siyosatiga o‘zining ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi.