Aholi debitor qarzdorligi keskin oshib ketmoqda – MIB direktori o‘rinbosari

To‘lov qobiliyati bo‘la turib to‘lamayotgan iste’molchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi – deb ta’kidladi MIB vakili.
Sputnik

TOShKENT, 3 okt - Sputnik. XPK sessiyasida Majburiy ijro burosi direktori o‘rinbosari Shoxrux Aminov iste’mol qilingan energiya resurslari uchun undirilgan to‘lovlar, mavjud muammolar haqida axborot berdi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qildi.

Undirilgan mablag‘lar

“O‘tgan qisqa davr ichida 29,5 trillion so‘mlik iste’mol qilingan energiya resurslari uchun mablag‘lar undirildi. O‘tgan yil shu davrga nisbatan 14,6 trillion yoki 98 foizga ko‘p demakdir”, - deb ta’kidladi Aminov.  

O‘zbekneftegaz tizimida qanday muammolar bor - rais o‘rinbosari javobi

Uning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekenergo”, “O‘ztransgaz” va suv ta’minoti korxonalarining sobiq 13 669 nafar nazoratchilari tomonidan MIB tashkil etilgunga qadar 2017-yil 5 oy davomida 5,9 trillion so‘m mablag‘ undirilgan bo‘lsa, MIBning 5439 nafar davlat inspektorlari tomonidan, aynan shu davrda - 2018-yil 5 oyda 14,2 trillion so‘m yoki 8,3 trillion so‘mga yoki 139 foizga ko‘p mablag‘ undirilishi ta’minlandi.

"Buroning bir nafar davlat inspektori “O‘zbekenergo” “O‘ztransgaz” va suv ta’minoti korxonalarining o‘rtacha 6 nafar nazoratchisining ish hajmini bajardi,"- deb alohida ta’kidlab o‘tdi MIB vakili.

Bundan tashqari, qarzdorliklar undirish borasida tezkor yo‘llar 60,8 milliard so‘mlik zarar yetkazish bilan bog‘liq 157 ta jinoiy holat aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Iste’molchilarning 150 ming nafaridan ziyodi tarmoqdan o‘chirildi. Poraxo‘rlik va talon-taroj qilish kabi holatlar yuzasidan elektr gaz va suv ta’minoti korxonalarining 100 nafar xodimlari jinoiy javobgarlikka tortildi.

“Eng asosiysi, bu choralarni ko‘rish natijasida debitor qarzdorlik kamaytirishga erishdik. Bundan tashqari, aholi xonadonlari MIB tashkil etilgandan buyon invertarizatsiyadan o‘tkazildi”- dedi MIB rahbar o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, inventarizatsiya natijasida 1 trillion 742 million so‘mlik noreal qarzdorliklar aniqlandi. Bu holatlar yuzasidan 168 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, aybdorlar tergov va sud oldida javob bermoqda.

“Lekin bu raqamlar bilan MIB o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni to‘liq bajardi deb ayta olmayman, chunki buni aytishga hali erta, oldimizda muammolarimiz juda ko‘p”, - deya qo‘shimcha qildi Aminov.  

Farg‘onaning Buvayda tumanida MIB ijrochisiga chopqi bilan jarohat yetkazildi

Debitor qarzdorlik

MIB vakilining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda aholi debitor qarzdorligi keskin oshib ketmoqda.

Respublikada 9 mingga yaqin mahallalar bo‘lsa, aynan to‘lov intizomi past bo‘lgan aholi yashaydigan mahalalarda tahlil qilganida, 3223 ta mahallalar aniqlandi va ana shu mahallarda sektor rahbarlari, jamoatchilik, OAV ishtirokida profilaktik tadbirlari amalga oshirilmoqda.  

“Eng achinarlisi shundaki, aynan to‘lov qobiliyati bo‘la turib to‘lamayotgan iste’molchilar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Biz shu iste’molchilar bilan ishlashimiz sababi ham mana shunda”, - deb ta’kidladi MIB vakili.   

MIB direktori o‘rinbosari fikriga ko‘ra, foydalanilgan energiya resurslari uchun mablag‘larni o‘z vaqtida to‘lanishi energetika sohasidagi muammolarni bartaraf etishga, sohani modernizatsiya qilishga, yangi innovatsion texnologiyalarni olib kiritilishiga, aholi turmush darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.