Shavkat Mirziyoyev: kelgusi yil rejalarini hozirdanoq belgilab olishimiz kerak

Yig‘ilishda joriy yilning 9 oyi va yakuni bo‘yicha belgilangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish, narx-navo o‘sishining oldini olish, investitsiyalarni o‘zlashtirish, eksportni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Sputnik

TOShKENT, 12 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-sentabr kuni davlat budjetiga tushumlarni ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni to‘liq bajarish, 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish, paxta-to‘qimachilik sohasida klasterlarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Hammasi o‘zgarishi uchun, avvalo inson o‘zgarishi kerak - Mirziyoyev nutqidagi asosiy fikrlar

“Bugungi yig‘ilishimizda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifa va maqsadli parametrlarni bajarish holatini muhokama qilib, yana qo‘shimcha rezervlarni ishga solish choralarini ko‘rishimiz, yil yakunigacha 3,5 oy vaqt bo‘lsa-da, kelgusi yil rejalarini hozirdanoq  belgilab olishimiz kerak”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirish uchun qabul qilingan investitsiya dasturlarini izchil amalga oshirish kerak.

"Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va barqaror rivojlantirish uchun yetarli valyuta tushumini ta’minlash, buning uchun mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini oshirib, ularni eksportga jo‘natishni ko‘paytirishimiz darkor. Qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy bozor munosabatlarini keng joriy etish maqsadida paxta-to‘qimachilik klasterlarini rivojlantirishga alohida e’tibor berishimiz kerak”, - dedi O‘zbekiston rahbari.

Yig‘ilishda shu borada amalga oshirilgan ishlar natijalari tahlil qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilab berildi.

Prezidentning joriy yil boshida bergan topshirig‘iga muvofiq, budjetga qo‘shimcha daromad tushirish bo‘yicha rezervlar izlab topilib, ularni safarbar qilish choralari ko‘rilgan edi. Buning natijasida 8 oyda davlat budjetiga o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foiz ko‘p daromad tushirildi. Jumladan, mahalliy budjetlarga tushumlarning o‘sishi 22 foizni tashkil etdi.

Shavkat Mirziyoyev qo‘shimcha daromadlarni yanada oshirish imkoniyatlari borligini ta’kidlab, mutasaddilarga bu borada aniq manbalar va chora-tadbirlarni belgilash bo‘yicha topshiriqlar berdi. 

Mahalliy hokimliklar ixtiyorida qolayotgan qo‘shimcha daromadlarni samarali va maqsadli sarflash masalasiga ham e’tibor qaratildi. 

Mirziyoyev: odamlarni rozi qilishni bugungi siyosatimizning bosh maqsadi, deb bilamiz

Yig‘ilishda joriy yilning 9 oyi va yakuni bo‘yicha belgilangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish, narx-navo o‘sishining oldini olish, investitsiyalarni o‘zlashtirish, eksportni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

Davlat rahbari maqsadli va prognoz parametrlariga erishishda muammo mavjud bo‘lgan soha va tarmoqlarda ishlarni jadallashtirish, belgilangan ko‘rsatkichlarni ta’minlash zarurligini ta’kidladi. 

Joriy yilda ishga tushirilishi mo‘ljallangan obyektlarni foydalanishga topshirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish holati tahlil qilindi. 

Har bir investitsiya loyihasini ko‘rib chiqib, qoloqlik mavjud bo‘lganlarini jadallashtirish, bunga to‘siq bo‘layotgan muammolarni hal qilish, ishlab chiqarishni tezroq boshlash muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, 2019-yilgi investitsiya dasturi loyihasini shakllantirishni yakunlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mirziyoyev xorijlik ishbilarmonlar va davlat arboblariga davlat mukofotlarini topshirdi

Yig‘ilishda eksport masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. 9 oy yakuni bilan eksport hajmi 2017-yilning mos davriga nisbatan 19 foiz oshishi kutilayotgani qayd etildi.  

Prezident har bir eksportchi korxona va eksport qilinadigan mahsulot turi bo‘yicha ko‘mak berish chora-tadbirlarini ishlab chiqib, ularni amalga oshirishni ta’minlash lozimligini ta’kidladi.

Takroriy maydonlardan kutilayotgan 607 ming tonna eksportbop mahsulotlar, shuningdek, sentabr-oktabr oylarida issiqxonalarda yetishtiriladigan sabzavot ekinlarini eksport qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Bozorlarda narxlar oshishiga yo‘l qo‘maslik, 501 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxira qilish va ularni qish-bahor oylarida xalq talabiga mutanosib ravishda ichki bozorlarga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.