Toshkentdagi xalqaro turnir - kurash dunyoviy sport ekanini isbotladi - Sherjanov

Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro kurash turniri haqidagi tassurotlari bilan bo‘lishar ekan, Sherjanov kurash o‘z asosiy vazifasini to‘liq bajarganini hamda asosiy natija - dunyoviy sport turi ekanligini isbotlaganini qayd etdi
Sputnik

TOShKENT, 7 sen - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston prezidenti sovrini uchun 1-xalqaro turnirda dunyoning 40ga yaqin davlat vakillari ishtiroki - o‘zbek kurashiga, O‘zbekistonga nisbatan katta hurmat va e’tiborni anglatadi, dedi Sputnik muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston Kurash Federatsiyasi Xorazm viloyati bo‘linmasi ijrochi direktori Rayimboy Sherjanov.

Kurash bo‘yicha 1-xalqaro turnirda Sherali Jo‘rayev 50 ming dollar yutuqni qo‘lga kiritdi

Sherjanov suhbat davomida poytaxtda o‘tkazilgan ushbu turnirga ko‘tarinki kayfiyat, g‘urur bilan yetib kelganini ta’kidladi.

"Bayram ustiga bayram, xursandchilik ustiga xursandchilik bo‘layapti. Ulug‘, beqiyos bayramimiz -  Mustaqilligimizning 27-yillik to‘yini nishonlayotgan kunlarda Jakartadan kelgan katta xushxabarlar mana shunday kayfiyatni bizga baxsh etdi. O‘zbekistonning zabardast o‘g‘illari, qizlari yurtimizning elimizning bayrog‘ini 5-o‘ringacha sarbaland ko‘tarishining o‘zi O‘zbekistonning naqadar o‘sib borayotganidan darak beradi", - dedi faxriy mehmon.

Asli kasbi injener-mexanik bo‘lgan, ammo kurash tushish bobosidan meros qolgan Rayimboy Sherjanov bugungi xursandchiligi boisini quyidagicha izohladi.

"Nega xursand bo‘lmasligimiz kerak? O‘zbekda yaxshi so‘z bor, "Qorni to‘q odam ashula aytadi, usti but odam kurash tushadi", degan. O‘zbekistonimizning xalqining qorni ham to‘q, usti ham but. Shuning uchun sportga alohida e’tibor berilayapti", - deb ta’kidladi suhbatdosh.

Sherjanov, shuningdek, kurashning Osiyo o‘yinlariga kiritilishi o‘zbek xalqiga faxr-iftixor bag‘ishlaganini ta’kidlab o‘tdi.

"O‘zbekning mardonavorligi, o‘zbekning tantiligi, o‘zbekning olijanobligi, o‘zbekning butun qirralari mana shu kurashda jam bo‘lgan. E’tibor bersangiz, o‘zbekning butun borlig‘idan kelib chiqqan bu kurash.  Besh qit’adagi 102 mamlakatda Federatsiyalar ochilib, ishlab turishining o‘ziyam kurashning butun jahon sporti ekanligidan dalolat beradi. Bir qadam turibdi katta olimpiadaga. Osiyo o‘yinlari kichik olimpiada hisoblanadi. Bunda hamma kurashni sevib tomosha qildi, olishdi, qatnashdi. Endi navbat olimpiadaga", - dedi u va kurash olimp o‘yinlaridan o‘rin egallasa, armoni qolmasligini qo‘shimcha qildi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro kurash turniri haqidagi tassurotlari bilan bo‘lishar ekan, Sherjanov kurash o‘z asosiy vazifasini to‘liq bajarganini hamda asosiy natija - dunyoviy sport turi ekanligini isbotlaganini qayd etdi.

Rishod Sobirov Toshkentda dzudo maktabi ochdi

"Mana ko‘rib turibsiz, yuzlab yoshlar bugun turnirni tomosha qilgani keldi. Kurashning o‘z oldiga qo‘ygan vazifalaridan biri bu - tarbiya. Raqibni hurmatlash, tantilik, olijanoblikning o‘zi mujassamlashganmi kurashda, demak, bu sport turining o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga bugun erishdik.

Nega deganda, qarang, 40ga yaqin mamlakatdan kurashchilarning kelishining o‘zi bizning kurashga nisbatan, O‘zbekistonimizga nisbatan katta hurmat, e’tiborni anglatadi. Qirqga yaqin mamlakat vakillarining kelishi, men o‘ylaymanki - bu boshlanishi. Hali polvonlar 100ga yaqin mamlakatlardan kelib, mana shunday davrada, mana shu gilamlarda kurash tushishadi. Nega deganda O‘zbekistonning qalbi ham ochiq, kurashi ham ochiq, qalbi ham to‘q, kurashi ham to‘q", - dedi suhbatdosh.