Tilanchilik bilan shug‘ullanganlarga qamoq jazosi berilishi mumkin

Yangi qonun qabul qilinsa, tilanchilik qilganlar 1-yildan 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 4 sen – Sputnik. O‘zbekistonda tilanchilik bilan shug‘ullanganlar jamoat ishlariga yoki qamoq jazosiga mahkum qilinishi mumkin. Bu haqida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan yangi qonun loyihasida aytib o‘tilgan.

Tungi klubdagi jinoyat: aslida kim aybdor?

Unda O‘zbekiston JKning 127-moddasiga bir qator o‘zgarishlar kiritish taklif qilingan.

Xususan, aeroport, vokzal, park, dam olish maskanlari, bozorlar va savdo majmuasi hududlari, shuningdek, ularga tegishli hududlar — avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylari, bekatlar, avtotransport vositalari o‘tadigan yo‘l qismlari, madaniy va ma’naviy meros obyektlari joylashgan hududlar, barcha turdagi jamoat transportlari va boshqa jamoat joylarida faol tarzda pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa qimmatbaho buyumlar so‘raydiganlar:

300 soatdan 600 soatgacha jamoat ishlariga jalb qilish yoki 1-yildan 3-yilgacha ozodlikdan cheklash yoki 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Xuddi shunday harakatlar voyaga yetmagan shaxs ishtirokida yoki undan foydalangan holda, shuningdek, ruhiy xasta, nogironligi bor shaxslar, o‘zini nogiron qilib ko‘rsatgan odamlar, yoki majburan narkotik va psixotrop moddalar, alkogol mahsulotlari iste’mol qilgan, lekin aqliy faoliyatiga putur yetmagan shaxslar tomonidan sodir etilsa - 400-800 soatgacha jamoat ishlariga jalb qilish yoki 3-yildan 5-yilgacha ozodlikdan cheklash yoki 3-yildan 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Prokuratura bojxona organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishlarini qo‘zg‘atdi

Agar ushbu harakartlar guruh tomonidan, takroran, narkotik moddalar ta’sirida, majburlash yo‘li bilan amalga oshirilsa 5-yildan 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Undan tashqari O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik kodeksning 188-moddasiga ham qo‘shimcha kiritiladi.

Unga ko‘ra jamoat joylarda tilanchilik qilayotganlar eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarimaga tortish yoki 5 sutkagacha ma’muriy qamoq bilan jazolanadi.

Xuddi shunday harakatlar voyaga yetmagan, ruhiy xasta, nogiron shahslardan foydalanilgan holda yoki majburan narkotik moddalar ta’sirida amalga oshirilganda - eng kam ish haqining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarimaga tortish yoki 5 sutkadan 10 sutkagacha ma’muriy qamoq bilan jazolanadi.

Ayni damda ushbu hujjat loyiha bosqichida. Ko‘pchillik tomonidan ma’qullanganidan hamda kelib tushgan taklif va mulohazalar bilan to‘ldirilganidan so‘ng u tasdiqlanishi mumkin.