TOShKENT, 1 sen - Sputnik. Bugun, 1-sentabr kuni, 86 yoshida O‘zbekiston Qahramoni, taniqli navoiyshunos olima Suyima G‘aniyeva vafot etdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri o‘z manbasiga tayangan holda.
Olima uzoq davom etgan kasallik tufayli olamdan o‘tganligi aytilmoqda.
Suyima G‘aniyeva ilmiy ishlari nafaqat O‘zbekiston, balki Rossiya, Turkiya, Eron, Tojikiston, Ozarbayjon kabi davlatlarda taniqli bo‘lgan sharqshunos-olimadir.
1992 yilda Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan, shu yilning o‘zida "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotlangan. 2008-yilda olimaga "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni topshirilgan.
2015 yil 25-avgust kuni O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov farmoni bilan Toshkent davlat sharqshunoslik institutining Mumtoz filologiya kafedrasi professori Suyima G‘aniyevaga O‘zbekiston Qahramoni unvoni va Oliy nishon - Oltin yulduz medali topshirilgan.
Olima 500dan ortiq ilmiy ishlar muallifi.
Xabar qilinishicha, Suyima G‘aniyeva bugun, 1-sentabr kuni "Chig‘atoy" qabristonida dafn etiladi.