TOShKENT, 1 dek — Sputnik, Tanho Sattarova. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 24-noyabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan o‘tkazgan uchrashuvi chog‘ida o‘zbek san’atiga hissa qo‘shayotgan iste’dod sohiblarini birma-bir sanab o‘tgan edi.
Ana shundan so‘ng ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov xotirasiga bunyod etiladigan hamda marhum prezident qarori bilan tashkil qilingan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Til va adabiyot universiteti oldiga qo‘yiladigan Alisher Navoiy haykallari Mustaqil O‘zbekiston ramzlariga aylangan uchta monument muallifi, O‘zbekistonning eng old haykaltaroshlaridan biri Ilhom Jabborov tomonidan yaratilarmish degan gap-so‘zlar bolalab ketdi.
Bu gap-so‘zlar qanchalik haqiqatga yaqinligini aniqlash maqsadida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan bog‘landik.
"Ayni paytda hujjatlashtirish ishlari olib borilayotgani sababli, haykallarni kim qurishi borasida aniq ma’lumot bera olmaymiz", — deya javob qaytardi akademiya vakili.
Haykaltarosh Ilhom Jabborovni esa topishning iloji bo‘lmadi. Sputnik O‘zbekistonning ishonchli manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, "Haykaltarosh o‘z ishini tashlab, toqqa uzlatga chiqib ketgan".
Eslatib o‘tamiz, Ilhom Jabborov Toshkentdagi Furqat (bronza, granit, 1982; me’mori S. Sutagin), Urgutdagi Navoiy (mis, 1985), Namangandagi Mashrab (mis, 1988), Toshkent (1992), Samarkand (1997) va Shahrisabz (1997)dagi Amir Temur haykallari (bronza; me’mori F. Ashrafiy), Farg‘onadagi Al Farg‘oniy (bronza, 1998), Toshkentdagi "Ona" (bronza, 1999), Urganchdagi Jaloliddin Manguberdi (2000) haykallari muallifidir. "Mehnat Shuhrati" ordeni bilan mukofotlangan (2001).