Vashington Rossiyaga qarshi sanksiyalarning birinchi qismini e’lon qildi

Vashington endilikda Rossiyaga qurol va ikkilamchi xom-ashyo tovarlarini sotmaydi. Kosmosda hamkorlik bundan mustasno. Ushbu sohada birgalikda hamkorlik qilish uchun litsenziya har bir holat uchun alohida ko‘rib chiqilib beriladi
Sputnik

TOShKENT, 24 avg — Sputnik. AQSh tomonidan "Skripal ishi" tufayli Rossiyaga qarshi kiritilayotgan sanksiyalar kreditlash va qator tovarlar eksportini qamrab olgan, deyiladi AQSh hukumati e’lon qilgan rasmiy hujjatda.

Putin AQSh nima uchun Rossiyaga sanksiya kiritayotgani sababini aytdi

Kutilishicha, sanksiyalar 27-avgust dushanba kuni e’lon qilinadi va kuchga kiradi.

Sanksiyalar to‘plamida ko‘zda tutilgan choralardan biri AQSh davlat tuzilmalariga Rossiyaga "shoshilinch gumanitar yordam, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari"dan tashqari har qanday yordam ko‘rsatishni, xususan, kredit berish va moliyaviy yordamlarni cheklaydi.

Bundan tashqari, Vashington endilikda Rossiyaga qurol va ikkilamchi xom-ashyo tovarlarini sotmaydi. Kosmosda hamkorlik bundan mustasno. Ushbu sohada birgalikda hamkorlik qilish uchun litsenziya har bir holat uchun alohida ko‘rib chiqilib beriladi.

Shuningdek, sanksiyalar paketiga ko‘ra, Rossiyaga milliy xavfsizlik bilan bog‘liq tovar va texnologiyalar eksporti cheklanadi.

Ushbu sanksiyalarni qo‘llashga asos sifatida AQSh Davlat departamenti tomonidan "Rossiya o‘z fuqarolariga qarshi <…> xalqaro huquqni poymol qilgan holda kimoviy quroldan foydalangani" holati aniqlanganligi keltirilgan.

"Ma’nosiz harakat": Putin Amerika kiritgan yangi sanksiyalarga xuddi shunday baho berdi

Sanksiyalarning bundan-da keskin bo‘lishi kutilayotgan ikkinchi paketi noyabr oyida kiritilishi mumkin. Taxmin qilinishicha, undagi cheklovlar rossiyalik yuridik shaxslarni kreditlash, tovarlar ekport-importini qamrab oladi.

Skripal ishi

Britaniyaning Solsberi shaharchasida 2018-yil 14-mart kuni Rossiya Razvedka bosh boshqarmasi sobiq ofitseri Sergey Skripal va uning qizi Yuliya zaharlangan edi. Britaniya tomoni shu zahotiyoq Skripallarning zaharlanishida Rossiyaning qo‘li borligi haqida ta’kid bilan chiqdi, Rossiya bu ayblovlarni qat’iy inkor qilib kelmoqda.

Rossiya tomoni bir necha marotaba tergov ishlariga yo‘l ochib berishni va jabrlangan fuqarolar bilan uchrashtirishni talab qildi. Britaniya hukumati barcha so‘rovlarni javobsiz qoldirdi.