TOShKENT, 22 avg - Sputnik. O‘zbekiston transport prokuraturasi "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAKning Bangkok shahridagi xodimlari ustidan shikoyat qilgan fuqaro arizasini o‘rganib chiqdi, deb xabar berdi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot-xizmati.
Ma’lum bo‘lishicha, ariza fuqaro M.Subxanov tomonidan yo‘llangan.
Fuqaro Subxanov joriy yil 11-iyulda Bangkok-Toshkent yo‘nalishidagi reysga ro‘yxatdan o‘tgach, uchib ketish zalida aeroport ishchilari va "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAKning Bangkok shahridagi xodimlari F.Sultonov va Sh.Burixodjayevlar tomonidan to‘xtatilgan.
Subxanovning qo‘l yuki ruxsat etilgan meyordan ortiqligi tufayli, u qo‘shimcha to‘lovni amalga oshirish lozimligi, aks holda reysdan qoldirishi mumkinligi aytilgan.
Subxanov 100 AQSh dollar to‘lashga majbur bo‘lgan va prokuraturaga yozgan arizasida undan qo‘shimcha to‘lov undirilganidan norozi ekanligini bildirgan.
Mazkur holatni atroflicha o‘rgangan prokuratura xodimlari fuqaro M.Subxanovdan qo‘shimcha to‘lov qonuniy undirilgani va bu pullar g‘aznaga kirim qilinganligiga oydinlik kiritishgan.
"O‘zbekiston havo yo‘llari" MAKning Bangkok shahridagi xodimlari F.Sultonov va Sh.Burixodjayevlar tomonidan qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilmaganligi aniqlangan va bu haqida ariza muallifiga javob berilgan.