Azamat Qorjovov: Uspenskiy insoniyatning zombilashishiga qarshi kurashgan yozuvchi edi

Rossiyalik atoqli yozuvchi, "Cheburashkaning otasi" Eduard Uspenskiy bugun hayotdan ko‘z yumdi. O‘zbekistonlik taniqli yozuvchi Azamat Qorjovov Uspenskiy vafoti munosabati bilan rus xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi
Sputnik

TOShKENT, 15 avg - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Bolalar yozuvchisi Eduard Uspenskiy uzoq davom etgan kasallik tufayli 81 yoshida olamdan o‘tdi. Dunyo hamjamiyatining mashhur vakillari, shu jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Uspenskiy vafoti munosabati bilan yozuvchi oilasiga chuqur hamdardlik bildirishdi.

O‘zbek adabiyotining yorqin vakili, 40 dan ortiq detektiv, mistika, sarguzasht kitoblar va bir qancha ertaklar muallifi Azamat Qorjovov Uspenskiy vafoti munosabati bilan u haqdagi xotiralari bilan bo‘lishdi.

Fransiya G‘arbning ma’naviy zaifligi haqida gapirgan Soljenitsinni haq deb topdi

"Ikki asrning ulug‘ yozuvchisi, ssenariychi, dramaturg Eduard Uspenskiy o‘zidan muhim ahmiyatga molik adabiy meros qoldirib ketdi. U odamzotning bir necha avlodini o‘z asarlari bilan tarbiyalab, ularning bolalik onlari go‘zal o‘tishini, ezgulikka oshno bo‘lishini ta’minladi. «Men ularning bolalik davrini kitobga oshno qilishim shu shart bilanki, ular ulg‘aygach, o‘z bolalarini kitobga oshno qilishlari kerak» degan hazilomuz gapida ham katta hikmat yotadi", - deydi Qorjovov.

O‘zbek yozuvchisining so‘zlariga ko‘ra, Uspenskiy bolalar yozuvchisi hisoblansa-da, uning asarlarida kattalarni ham o‘ylantirib qo‘yadigan g‘oyalar ko‘p.

"U erkin fikrlashni, erkin yashashni targ‘ib qilib, insoniyatning zombilashishiga qarshi kurashdi. "Vatanni himoya qilish uchun qasam ichish kerak, lekin o‘lish uchun qasam ichishdan nima ma’no?» deganida ham Uspenskiy qarashlari mujassamdir. U quvnoq asarlar yozishidan maqsadi bolalarni xursand qilish orqali dunyoqarashini keng qilmoqchi ekani yaqqol sezilib turadi. Eduard Uspenskiy rus ertakchiligini yana bir pog‘ona ko‘tarib, uning san’atning yangi turi – multfilm bilan chambarchas bog‘liqlikda rivojlantirdi. Natijada katta shuhrat qozonib, rus adabiyoti va rus multfilm san’atini Yaponiyadan tortib, Shvetsiyagacha bo‘lgan hududlarda, qolaversa, butun jahonda mashhur qildi".

Mirziyoyev: adabiyot va san’at, OAVlarning biznesga aylanishiga yo‘l qo‘ymaymiz

Eduard Uspenskiy O‘zbekistonda ham mashhur edi, o‘zbek bolalari ham uning ertaklari asosida ishlangan multfilmlardan zavqlanib ulg‘aydi, deb ta’kidlaydi suhbatdosh.

"Timsoh Gena, pochtachi Pechkin, Cheburashka, Sharik kabi qahramonlari hech qachon unutilmaydi. Yana bir xizmati shu deb hisoblaymanki, Eduard Uspenskiy bugungi kunda Gollivud multfilm sanoati xurujiga qarshi tura oladigan darajadagi mulfilm qahramonlari muallifidir.

Amerika multfilm sanoatining Sharq xalqlari madaniyatiga mos keladigan ajoyib asarlari juda ko‘p, shu bilan birga ma’naviyatimizga zid keladigan asarlari ham istalgancha topiladi. Eduard Uspenskiy qahramonlari o‘tmishda shakllangan ezgulikni bir avloddan ikkinchi avlodga tashib, insoniyat tarbiyasidagi meyorni saqlab qolishga urinadi. Eduard Uspenskiy tabiatda yovuz hisoblangan hayvonlarning muloyim obrazlari orqali bolalar qalbida ezgulik gullarini ochiltira oldi. Bunday ulug‘ ertakchi hayotni tark etsa-da, adabiy qahramonlari ortida mangu jilmayib, mangu siymoligicha qoladi".

Azamat Qorjovov Uspenskiy vafoti munosabati bilan yozuvchi oilasiga chuqur hamdardlik bildiradi.