TOShKENT, 14 avg - Sputnik. O‘zbekistonda o‘qituvchilarga avtokredit beriladi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzolagan.
Qarorda, har yili qishloq va shaharlarda arzon uy-joylar qurish dasturlari asosida qurilayotgan uy-joylarning bir qismini xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarga 25-yil muddatga imtiyozli ipoteka krediti sifatida berish, "Har bir oila – tadbirkor" dasturi asosida pedagog xodimlarning oila a’zolariga imtiyozli kreditlar berish, avtotransport vositasi sotib olish va boshqa maqsadlar uchun kreditlar berish belgilangan.
Prezident qaroriga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari 2018-yil 1-sentabrdan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun 1,1 baravarga, yuqori sinf o‘quvchilariga uchun o‘rtacha 1,24 baravargacha, direktor, uning o‘rinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 barvarga oshirilgan.
Shuningdek, hujjatda hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga eng kam ish haqining 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.