O‘zbekistonning barcha hududlarida qizlar salomatligi markazi bo‘limlari tashkil etildi

Qizlar salomatligi markazlari qiz bolalar va o‘smir qizlarga maxsus tibbiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilgan.
Sputnik

TOShKENT, 14 avg - Sputnik. O‘zbekistonning tuman va shaharlarida qizlar salomatligi markazi bo‘limlari tashkil etildi, deb xabar berdi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot-xizmati.

O‘tgan to‘rt oy ichida 153 nafar o‘smir o‘z joniga qasd qilgan

"Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasining bolalar ginekologiyasi bo‘limi negizida Respublika qizlar salomatligi markazi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari hamda Toshkent shahar o‘smirlar dispanserining bolalar ginekologiyasi bo‘limlari negizida qizlar salomatligi markazlari faoliyat boshladi", - deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, qizlarga malakali ginekologik ambulator yordam ko‘rsatish maqsadida barcha tuman va shaharlardagi ko‘ptarmoqli markaziy poliklinikalarda qizlar salomatligi bo‘limlari tashkil etilgan.

Ushbu markazlar qiz bolalar va o‘smir qizlarga yuqori texnologik, ixtisoslashtirilgan malakali tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy infrastrukturasini rivojlantirishda alohida o‘rin tutadi. Keyinchalik ushbu markazlarga bo‘lgan talabga qarab, faoliyat qamrovini yana kengaytirib borish ham ko‘zda tutilgan.

Samarqandlik o‘quvchi qizlarning bokiraligini tekshirish kimga kerak bo‘lib qoldi?

Ta’kidlanishicha, qizlar salomatligi markazlari qiz bolalar va o‘smir qizlarga maxsus tibbiy yordam ko‘rsatish, bolalar ginekologiyasi bo‘yicha yuqori texnologiyalarga asoslangan o‘quv, ilmiy va moddiy-texnika bazani shakllantirishga yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, to‘plangan tajribani respublika sohaviy muassasalariga yetkazish, shuningdek, bolalar ginekologiyasi sohasida diagnostika, davolash, profilaktika va reabilitatsiya bo‘yicha yuqori texnologiyalarga asoslangan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam berish borasida ham faoliyat olib boradi.