Toshkentda daraxtlarni ruxsatsiz kesgan shaxslarga chora ko‘rildi

Daraxt ruxsatsiz kesish bo‘yicha har bir murojaat IIBB, shahar hokimligi va Atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya davlat qo‘mitasining xodimlari tomonidan o‘rganib chiqiladi.
Sputnik

TOShKENT, 7 avg — Sputnik. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, boshqarmaga deyarli har kuni daraxtlarning ruxsatsiz kesilayotgani, butalanayotganiga oid qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi.

“Daraxtxo‘r” manqurtlar bizda qanday ko‘payib ketdi? – deputat

Har bir murojaat tegishli tartibda IIBB, shahar hokimligi va Atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya davlat qo‘mitasining xodimlari tomonidan o‘rganib chiqiladi va bu jarayon ma’lum vaqtni o‘z ichiga oladi.

5 va 6-avgust kunlari 102 raqamiga Chilonzor tumanidan ikkita xabar kelib tushgan. Birinchi holatda 4-uyning oldida, M.Ixtiyorjonga tegishli xususiy korxona binosi qurilayotgan hududda korxona ishchilari tomonidan shumtol daraxtining uchlari kesib tashlangani aytilgan. Undan esa 2 metrlik daraxt tanasining o‘zi qolgan. Tekshiruvlar natijasida ushbu daraxtni kesish uchun Ixtiyorjonda ruxsat bo‘lmagani aniqlangan. Shu bois, huquqbuzarga nisbatan Bionazorat tomonidan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 162-moddasiga (“Shaharlardagi daraxtlarni shikastlantirish yoki ularni o‘zboshimchalik bilan kesib tashlash”) muvofiq bayonnoma rasmiylashtirilib, EKIX 1 baravari miqdorida jarima solindi.

6 avgust kuni Chilonzor tumani 6 kvartalda yashovchi boshqa bir fuqarodan ham qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Uning xabar berishicha, yangi qurilish obyektlaridan birining oldida noma’lum shaxslar terak daraxtlarini kesishgan. Biroq, voqea joyiga yetib borgan profilaktika inspektorining vaziyatga oydinlik kiritishicha, hech qanday qoida buzilish holatlari kuzatilmagan. Aksincha, daraxtlar qurigan shoxlardan tozalanayotgan bo‘lgan.

Xuddi shunga o‘xshash voqea Mirzo Ulug‘bek tumanida ham ro‘y berdi. Qorasuv-4 dahasida yashovchi fuqaro murojaati yuzasidan tekshiruv o‘tkazilganda ma’lum bo‘ldi-ki, shikoyatchining qo‘shnisi hokimiyatga murojaat qilib, manzarali daraxtning qurigan shoxlarini kesib tashlashlarini so‘ragan ekan. Qo‘shnilarning so‘zlariga ko‘ra bu shoxlar istalgan vaqtda sinib tushishi va ziyon yetkazishi mumkin edi.

Chorvoqdagi hashamdor dala-hovlilar nega buzilmoqda - video lavha

5 avgust kuni Mirobod tumanidan ko‘pchilik nomidan qo‘ng‘iroq bo‘lib, Amir Temur ko‘chasidagi 24-uy hovlisida noma’lum shaxslar bir necha yillik daraxtlarni kesishayotganidan shikoyat qilishgan. Manzarali daraxtlar ekilgan joyda esa MChJ uchun bino qurilayotgan ekan. Tekshiruv natijasida MChJ rahbariyati Atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya davlat qo‘mitasi ruxsatini kutib o‘tirmasdan haqiqatdan ham 5 ta manzarali daraxtlarni kesgani ma’lum bo‘ldi.

Bunga javoban ushbu jamiyat vakillari O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining shu yil 31-martdagi “Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorini dalil sifatida keltirishgan.

Ushbu qarorning 1-ilovasida (“Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti”) shunday deyiladi: Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga faqat sanitariya maqsadlarida hamda binolar, inshootlar va kommunikatsiyalarni qurish va rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq holda yo‘l qo‘yiladi.

Toshkent shahridagi daraxtlarni kesganlarga javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi

Unda shuningdek, yuridik yoki jismoniy shaxsning mulki bo‘lgan va ular tomonidan yog‘och-taxta va hosil olish uchun ekilgan daraxtlar va butalarni (terak va boshqa tez o‘suvchi navlar, tut plantatsiyalari, mevali daraxtlar va butalar) kesishga ruxsatnoma talab etilmasligi ham belgilab qo‘yilgan. 

Biroq, MChJ ushbu holatda ham daraxtlarni kesishga ruxsatnoma olishi kerakligi aytildi. Chunki bu daraxtlar qarorda belgilangan maqsadlar uchun aynan ular tomonidan ekilmagan. Qolaversa, reglamentning 3-bandida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ruxsatnoma olmasdan kesish taqiqlanishi qayd etilgan. Hozirda MChJning xatti-harakati tegishli organlar tomonidan o‘rganilmoqda.

“Hurmatli hamshaharlar! Shahar hududida daraxtlarning tegishli ruxsatnomasiz kesilishi holatlari yuzasidan 102 shoshilinch telefon raqamiga yoki Ekologiya qo‘mitasining 277-75-43 ishonch telefoniga, shuningdek uning hududiy Bionazorat bo‘linmalarining 268-36-86 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkinligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi Toshkent IIBB xabarida.