TOShKENT, 8-may – Sputnik. Toshkent shahar hokimligi poytaxt ko‘chalaridagi daraxtlar kesib tashlanishiga barham beradi. Bu haqda hokimlik axborot xizmati xabar qildi.
"Bir necha o‘n yillik sog‘lom va shahrimizni chiroyiga chiroy bag‘ishlab turgan daraxtlarning ayovsiz kesib tashlanayotganligiga keskin barham berish maqsadida, mas’ul boshqarma va tashkilotlar Toshkent shahar hokimligi tomonidan qattiq ogohlantiriladi. Javobgarlikkacha tortish choralari ko‘riladi", — deyiladi xabarda.
Xabarga ko‘ra, Toshkent shahar hokimi poytaxt aholisiga ushbu tartibsizliklarga uch kun ichida barham berilishi va bunday noqonuniy harakatlarga chek qo‘yilishini shaxsan o‘zi nazoratga olishini bildirdi.
Hokimlik biror joyda daraxt kesilayotganda buning oldini olish maqsadida aholidan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ishonch telefoniga yoki ichki ishlar idoralariga qo‘ng‘iroq qilishini so‘ramoqda.