Babanazarova "Chelak ko‘targan xotin" kartinasi Moskvaga olib ketilishiga qarshi

Saviskiy muzeyining sobiq direktori Marinika Babanazarova "Chelak ko‘targan xotin" kartinasiga yetkazilgan zarar miqdori haqida gapirdi va ushbu san’at asari nega chet elga olib chiqilishini istamasligini tushuntirdi
Sputnik

TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. Aleksandr Shevchenkoning "Chelak ko‘targan xotin" kartinasi jiddiy zarar ko‘rgan, u butkul ko‘chib tushmoqda, dedi jurnalistlarga dushanba kuni bo‘lib o‘tgan norasmiy uchrashuv chog‘ida Saviskiy muzeyining sobiq rahbari Marinika Babanazarova deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

San’atshunos fikriga ko‘ra, noyob san’at asari 50% zararlangan.

Ilgariroq yong‘inga qarshi xavfsizlik tizimining noto‘g‘ri ishlab ketishi oqibatida, muzeyning eng mashhur asarlaridan biri – Aleksandr Shevchenkoning "Chelak ko‘targan xotin" kartinasi jiddiy shikastlangani haqida xabar bergan edik.

Gap shundaki, avvaliga asar 60% zararlangani haqida xabar tarqalgan, keyinchalik O‘zbekiston Madaniyat vazirligi rasmiylari ushbu xabarlarni keskin inkor etib, yetkazilgan zarar miqdori 30-35%ni tashkil etgani haqida rasmiy bayonot bilan chiqishgan edi.

Saviskiy muzeyidagi rasm 60 % emas 30-35 %ga zarar ko‘rgan – Akilova

"Men o‘zim boshida shikastlanish darajasi 60-65%ni tashkil etishini aytgandim. Ammo bu dastlabki taassurot bo‘lgan. Birdaniga baho berish qiyin, ayniqsa siz shok holatida bo‘lsangiz. U (asar) butkul to‘kilmoqda (ayolning gavdasiga ishora qiladi). Asarning bir nechta joylarida bo‘yoq qatlami to‘kilib tushgan. Oq dog‘lar paydo bo‘lgan, ya’ni grunt ko‘rinib qolgan. Butun bo‘yoqni yuvib ketgan", - deb o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi Marinika Babanazarova.

Sobiq direktorning so‘zlariga ko‘ra, ro‘y bergan noxush hodisadan so‘ng, garchi muzeyga kirish unga ta’qiqlangan bo‘lsa-da, Babanazarovani lutfan Saviskiy muzeyiga taklif qilishgan.

"Bizga avvaliga ushbu hodisani avariya deb tushuntirishdi, ammo shu bilan birga kimdir ehtiyotkorona bu birinchi holat emasligini aytdi. Muzeyda sal oldinroq ham hujjatlarni suv bosgan ekan. Eng qizig‘i, bu haqda hech kim hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmaganida. Men tegishli ko‘rsatmalarga amal qilib ishlagan muzey rahbari sifatida, bunday vaqtlarda rahbariyatga xabar berish kerakligini bilaman", - deya hikoyasini davom ettiradi Babanazarova.

Xolstga moybo‘yoq bilan chizilgan rasmning suvdan zarar ko‘rishi amri mahol - ekspert

Shunda sobiq muzey direktori O‘zbekiston Madaniyat vaziri o‘rinbosariga qo‘ng‘iroq qilib, muzeyda baxtsiz hodisa yuz berganligi haqida xabar qilishga majbur bo‘ladi. Shu tariqa, faqat oradan to‘rt kun o‘tgach madaniyat vazirligi yuz bergan noxushlikdan xabar topishadi.

San’atshunos ushbu avariya tafsilotlari unga juda g‘alati tuyulayotganini ta’kidladi.

Sobiq muzey direktorining aytishicha, o‘z vaqtida u loyihachilar bilan muzeyda yong‘inni gaz bilan o‘chiradigan uskuna o‘rnatilishi haqida muhokama qilgan ekan.

"Nima bo‘ldi, nega gaz bilan o‘chirish tizimini suv bilan o‘chirish tizimiga almashtirishdi, menga qorong‘u. Lekin bu yerda mutaxassis bo‘lmagan odamlar ham bilishadiki, agar tizim gazga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, uni tonna-tonna suvga to‘ldirishsa, bu kelgusida muammolar keltirishi shubhasiz", - deb ta’kidlaydi ayol.

Bundan tashqari, ushbu tizim ilk sinov jarayonidan o‘tolmagan, chakka o‘tayotgani aniqlangan. Buni bilgan holda muzey ma’muriyati va davlat komissiyasi ushbu obyektni tasdiqdan o‘tkazgan.

"Asar zararlangan. Madaniyat bilan shug‘ullanadiganlar tushunishadi, xolst namlangan, endi u qurishni boshlaydi va bo‘yoq qatlamlarini tortib boradi, shunda yoriqlar paydo bo‘ladi. Haqiqatdan ham yoriqlar paydo bo‘lishni boshladi. Hatto ular murojaat qilgan moskvalik restovratorlar ham muammoning jiddiyligini tasdiqlashmoqda", - deb qo‘shimcha qiladi Babanazarova.

"O‘rta Osiyo Tretyakovi" - Saviskiy kolleksiyasi Moskvada

Ayni vaqtda kartinani Moskvaga yuborish masalasi turibdi. Ammo sobiq direktor bunga qarshi.

"Bunday qilishning keragi yo‘q, nega deganda barchasi muzey ma’muriyati nazorati ostida bo‘lishi kerak. O‘z vaqtida men ham qanchadan-qancha komissiyalarni boshdan o‘tkazganman, ishonchsizlik bilan qarashlar, tekshir-tekshir... Muzey qo‘riqchisi ishida kamchiliklarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Kamiga bizdagi yosh restavratorlarimizning tajribasini oshirmoq lozim. Maqtanish emas, garchi bugunga kelib, eng yaxshi mutaxassislar ishdan bo‘shatib yuborilgan bo‘lsa-da, o‘z vaqtida Saviskiy muzeyining restavratsiya bo‘limi juda yuqori tahsinlarga sazovor bo‘lgan. Oylab malaka oshirishlarda qatnashganmiz, restavratorlarning o‘zlari bizning muzeyga kelib bizning mutaxassislar bilan O‘zbekistonning o‘zida ish olib borishardi". - deya o‘z fikrini bildiradi san’atshunos.

Babanazarovaning so‘zlariga ko‘ra, hozirda shu narsa ma’lumki, quruvchilar aybni o‘z bo‘yniga olishgan va restavratsiyaga sponsorlik qilish qarorini qabul qilganlar.

Hozircha esa zarar foizi xarakteristikasi haqida gapirishga erta, chunki ko‘chib tushish davom etadi. Xolst kirishib ketadi va pigment undan ajralishni boshlaydi.

O‘g‘irlangan san’at asarlari O‘zbekistonga qaytarildi

"Restavratorlar bu savolga to‘liqroq javob berishlari mumkin, lekin men tajribamdan bilamanki, bu kabi zararlanishlar kartina uchun "o‘lim" emas, polotnoni tiklasa bo‘ladi, ammo bunga yillar ketishi mumkin", - deb xulosa qiladi mutaxassis.

Aleksandr Shevchenkoning "Chelak ko‘targan xotin" kartinasi - XX asr boshlari avangardi namunasidir. Kartinaning taxminiy bahosi bir yarim million dollarni tashkil etishi mumkin. Rossiyalik mutaxassislar asarni tiklashda yordam berishga va hatto kartinani Moskvaga olib kelishga tayyorligini bildirishgan. O‘zbekiston Madaniyat vazirligi vaziyatni o‘z nazoratiga olgan va kerakli barcha, shu jumladan, moliyaviy yordamni ko‘rsatib kelmoqda.