Cho‘lpon Otada tashqi ishlar vazirlari nimalarni muhokama qilishdi?

Cho‘lpon Otada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston va tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Sputnik

TOShKENT, 22-iyul – Sputnik. Qirg‘izistonning Cho‘pon Ota shahrida 20-22-iyul kunlari Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.  

Abdulaziz Kamilov Qatar delegatsiyasini qabul qildi

Uchrashuvda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirlari jamlanib, 2018-yilning 15-martida Ostonada bo‘lib o‘tgan maslahatlashuv yakunlarini mustahkamlashga doir masalalarni muhokama qilishdi.

Xususan, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollarini, xavfsizlikni ta’minlash, chegara, transport va tranzit aloqalari, suv-energetika manbalaridan foydalanish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik va boshqalar. 

Uchrashuv kun tartibidan quyidagi masalalar o‘rin olgan edi:

  • Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi davlat chegaralarini xalqaro huquqiy rasmiylashtirish hamda mintaqadagi hududlararo va chegaraoldi hamkorlikning faollashishidagi ijobiy o‘sish;
  • Xalqaro terrorizm va ekstremizm, narkotiklarning noqonuniy aylanishi, uyushgan transmilliy jinoyatlar hamda mintaqaviy xavfsizlikning tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni, jumladan xalqaro va mintaqaviy tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning zaruriyati;
  • Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, o‘zaro savdoni ko‘paytirish uchun qulay sharoitlar yaratish zarurligi, mintaqa ichidagi investitsion hamkorlikni olg‘a surish;
  • Mintaqaning tranzit imkoniyatlarini kengaytirish, mintaqa davlatlarining iqtisodiy hamkorligi mustahkamlanishiga, transport infratuzilmasining rivojlanishiga va transport kommunikatsiyalari orqali tranzit yuk tashishni yo‘lga qo‘yishga imkon yaratish;
  • Markaziy Osiyoda suv-energetika manbalaridan kompleks foydalanish. Mazkur sohada mintaqaning barcha mamlakatlari qiziqishlaridan va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, o‘zaro manfaatli hamkorlikning barqaror uzoq muddatli mexanizmlarini ishlab chiqish zarurati;
  • Markaziy Osiyo davlatlari xalqlarining madaniyati, tarixi va tillari mushtarakligini qayd etdilar hamda ta’lim, madaniyat, san’at, fan, turizm va boshqa sohalardagi davomiy hamkorlikni rivojlantirish;

Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining keyingi uchrashuvi Tojikiston Respublikasida o‘tkazilishi belgilab olindi.