TOShKENT, 8-iyul — Sputnik. O‘zbekistonlik aktor Karim Mirhodiyev Ostonada bo‘lib o‘tgan XIV "Yevraziya" xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasida g‘olib deb topildi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Bu yilgi festivalga O‘zbekistondan Kinematografiyani rivojlantirish markazi va Yosh kinematograflar kengashi vakillari, rejissorlar Rashid Malikov va Jahongir Qosimov, aktorlar Karim Mirhodiyev, Alisher Uzoqov, Akbar Rasulov, Shahzoda Matchonovalardan iborat yirik delegatsiya tashrif buyurdi.
Kinofestivalning asosiy tanlovida ishtirok etgan 12 film orasida Rashid Malikovning “Sabot” filmi bosh mukofot uchun kurashdi. Filmda bosh qahramon rolini ijro etgan Karim Mirhodiyev “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
Bundan tashqari, Abduazim Ilhomjonov va Botir Abdurahmonovlarning “Ona” qisqa metrajli filmi va Jahongir Qosimovning “Karvon” badiiy lavhasi festivalning turli yo‘nalishlarida ishtirok etdi.