TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Samarqandda bir xonani ijaraga olib, soxta aviakassani ochib qalbaki aviabiletlarni sotgan firibgar ustidan sud hukmi o‘qildi, deb xabar bermoqda "Zarafshon" nashri.
Avvaliga firibgar "Toshkent-Tumen" reysiga har biri 352 AQSh dollari evaziga ikkita "aviachipta" sotgan. Shundan so‘ng, Nyu-Yorkga yana uchta "elektron chipta"ni pullagan. Ertasiga "Samarqand-Moskva" yo‘nalishiga ikkita, "Toshkent-Istanbul" aviareysiga bitta soxta chipta sotgan.
Chipta olganlar aeroportga borgachgina qo‘llaridagi aviachiptalari soxta ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Toshkent aeroportidan Samarqandga qaytganlar firibgarni topa olishmagan.
Nashr xabariga ko‘ra, Fattoh Anorov qo‘lga olingach, barcha qilmishlarini tan oldi. Sud Anorovni uch yilu uch oyga ozodlikdan mahrum etgan. Shuningdek, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar undan undiriladigan bo‘lgan.