O‘zbekistonda demokratiya qurish vaqti keldi - Redjaboyev

O‘zbekiston tarixiga nazar solsak, 2 ming 600-yilni monarxiyada yashaganmiz, yana sal kam yuz yil o‘z taqdirini kommunizmning ushalmas orzulariga topshirgan. Yigirma besh yil yosh davlat qurishga harakat bo‘ldi. Endi esa demokratiya qurish vaqti keldi, deydi yosh ekspert
Sputnik

TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. Ta’limi sust, tarbiyasi oz, dunyoqarashi cheklangan xalqning kelajagi zavol, umidsiz, umurtqasiz bo‘ladi, dedi Toshkentdagi Inha universitetida o‘tkazilayotgan xalqaro forumda chiqishi vaqtida Singapur milliy universiteti Li Kuan Yuy nomidagi davlat siyosati maktabi tadqiqotchi-yordamchisi hamda Yaponiyadagi Keyo universiteti Global tadqiqotlar instituti tadqiqotchisi Xasan Redjaboyev.

"O‘zbekiston 2035": aholi turmush darajasini oshirishda nimalarga e’tibor qaratiladi
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning 2035-yilgacha bo‘lgan strategiyasi konsepsiyasini muhokama qilish beshta yo‘nalish bo‘yicha olib borilmoqda. Shulardan beshinchisi O‘zbekistondagi fan, turizm, madaniyat, ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan sessiya yig‘ilishidir.

Sessiya moderatori Xasan Rajaboyev mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

"Ta’lim bu millatning, jamiyatning, butun davlatimizning umurtqasi. Ta’limi sust, tarbiyasi oz, dunyoqarashi cheklangan xalqning kelajagi zavol, umidsiz, umurtqasiz bo‘ladi. Huquqiy demokratik davlat asoslarini izlar ekanmiz, izlanishlarimiz bari bir savolga borib taqaladi: "Ta’lim, fan, madaniyat va dunyoqarashimizni rivojlantirish uchun nima kerak?".

Bu savolga har-xil javob variantlarimiz bor. Birinchi variantda ko‘pgina savollarning yechimini bilamiz. Lekin ularni qo‘llashga tushunarsiz bahonalar pand beradi. Masalan: "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasida aksar xodimlar haligacha na o‘zbek, na ingliz va na hattoki rus tilida to‘g‘ri so‘zlay oladi. O‘qituvchilarning oyligi va farovonligi bu davlat farovonligining strategik prioriteti.

Kelajakka sayohat: 2030-yilda O‘zbekiston qanday holatda bo‘ladi
Yuqoridagidek oddiy misollarning amaliy yechimidan oldin yana qancha ming olamni junbushga keltira olmaydigan olim avlodlarimizning uvol bo‘lishi, yana qancha ming sayyohning birinchi fikri buzilishi va yana qancha qo‘shtirnoq ostidagi xalqaro universitetlarning ishonchini 10-yil ham oqlay olmay, davlat hisobida ishlovchi o‘quv markaziga aylanishiyu, yana necha yil milliy universitetimizning abgor bo‘lishi faqat haqiqatni inkor qiluvchilargagina ayon. Bizga emas.

Ikkinchi varinatda esa shu savollarning barchasiga bo‘lmasa-da, anchasiga javob bera oladigan, boshqa davlatlar va maskanlarda muvaffaqiyat bilan topib bo‘lingan yechimlar bor. Aynan shu tayyor va inkor etish ikki karra qiyin bo‘lgan tajribani ulashish, mukammal bo‘lmasa-da, xolis va amaliy fikrlarni bildirish Forumimizning beshinchi sessiyalarida izlanadi.

Masalan, O‘zbekiston Oliy ta’limining asosiy muammolari nimada, degan savolga Garvard universitetining tadqiqotchisi, vatandoshimiz Botir Qobilov javob bersalar, xususiy ta’lim davlat budjetini qanchaga orttira olishi va maktablarning sifatini yaxshilay olishiga Medisson shahridagi Wisconsin universitet doktoranti Begzod Hoshimov takliflarini kiritadi.

Shu bilan birga, sessiyamiz ishtirokchilari islohotlar yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, korrupsiyani to‘liq yo‘qotish, meriotokratik tizimni rag‘batlantirish, innovatsion siyosatning turkumlarini yaratish borasida hamda "Buyuk kelajak" ekspertlar devonining roli va nundan bo‘lgan talablar muhokamasini aniqlashtirish borasida o‘z takliflarini bildirishadi. Biz ham nima qilishimizni bilishimiz kerak.

Bugun bir narsani ta’kidlashni istardim. O‘zbekiston bahori keldi. Eski zamon maylida fikrlaydiganlar va undan ham yomoni umuman fikrlamaydiganlar uchun imkoniyatlar kamaymoqda. Lekin bor. Yangi davr ostonasidamiz.

Shavkat Mirziyoyev AQShga keldi: amerikaliklar uni qanday kutib olishdi
O‘zbekiston tarixiga nazar solsak, 2 ming 600-yilni monarxiyada yashaganmiz, yana sal kam yuz yil o‘z taqdirini kommunizmning ushalmas orzulariga topshirgan. Yigirma besh yil yosh davlat qurishga harakat bo‘ldi. Aristokratiya, meritokratiya va partokratiya ham qo‘llab ko‘rildi. Endi esa demokratiya qurish vaqti keldi. Shu taraddud va yangi hukumat islohotlarining haqiqiyligiga va samimiyligiga hozirgi kunda butun dunyo ishonch bildirmoqda.

Shu ma’noda bugun biz faqat bir jihatda bo‘linishimiz mumkin: vaqti-soati yetgan islohotlarga ishonchsiz holda qarshi turuvchilar yoki samimiy pragmatik va amalda vatanparvar bo‘lamiz. Bu masalada murosaga o‘rin yo‘q. Biz bu kelajakni, Buyuk kelajakni birga qurishni taklif qilamiz".